Kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar
Bundan ikki yil oldin Prezidentimiz ishbilarmonlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida 20 avgustni “Tadbirkorlar kuni” deb e’lon qilgan edilar. Bu – keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ular qo‘llab-quvvatlanishining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tadbirkorlar – avvalo, o‘z mehnati bilan farovonlikka erishadigan, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlik mustahkamlanishiga intiluvchi odamlar. Tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi. Tadbirkorlik iqtisodiyotgina emas, balki boshqa ko‘plab sohalar taraqqiyotiga ham turtki beradi, ularning barqarorligini ta’minlaydi. Binobarin, jamiyatimizda sohibi tadbirkorlarning obro‘ va mavqei kun sayin ortib boryapti.
Kuni kecha davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotida ham ushbu islohotlarni e’tirof etib, erishilgan yutuqlar, kelgusi yilda amalga oshiriladigan loyihalar, yangi tashabbuslar va vazifalarni belgilab berdilar.
Ta’kidlanganidek, 2021 yili bo‘lgan ochiq muloqot bo‘yicha 57 ta, o‘tgan yili esa 55 ta tashabbus ilgari surilgan edi. Ularning natijasida biznesni yuritishda ko‘plab yengilliklar bo‘ldi.
Misol uchun, o‘tgan yilgi takliflar asosida biznes sub’ektlari mikro, kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘linib, ular bilan alohida ishlash yo‘lga qo‘yildi. Xuddi shunday, tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi.
Qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida 6 mingta korxonaga 20 trillion so‘m qaytarib berilgan. Eng muhimi, ushbu soliq stavkasi 12 foizga tushirilgani hisobiga, qo‘shilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingtaga ko‘payib, faoliyati “soyadan” chiqqan.
Kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkreditivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyat orqali tadbirkorlarga 1 milliard dollar kreditlar berilgan.
Bojxona hududida qayta ishlash tizimi soddalashtirildi. Natijada, ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobarga ko‘paydi. Bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin bo‘lgan” 119 ta faoliyat bo‘yicha lisenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga o‘tkazildi. Joriy yilning olti oyida soliq to‘lovchilar faoliyatida tekshirishlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga kamaygan.
Umuman, o‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘paygan, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetgan. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko‘payib, 1,5 mingta bo‘ldi.
Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetgan.
Ushbu erishilgan yutuqlarning tag zamirida albatta, davlatimiz rahbarining ishbilarmonlarga qaratib kelayotgan yuksak e’tibor yotibdi.
Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqotdagi ma’ruzasida kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan beshta asosiy yo‘nalishni ko‘rsatib o‘tdi. Ularning har biri o‘z ichiga ko‘plab tashabbuslarni qamrab oldi.
Birgina kichik biznesni rivojlantirishdagi loyihalarga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shij́oat beradigan katta kuchdir.
Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda. Barcha nufuzli kompaniyalar tarixi ham aynan kichik va o‘rta biznesdan boshlangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Dasturlar orqali mikro-biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga har yili 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkor paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida hali qilinishi lozim bo‘lgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Unga ko‘ra, endi kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etiladi. Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha tayyorlab berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor, biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.
Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank”ni “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiriladi. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi. Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etiladi.
Bundan tashqari oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tajriba orttirgan 500 mingdan ziyod mikro-biznes vakillari bor. Endi 9 ming 400 ta mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududida mikrodan kichik biznesga o‘smoqchi bo‘lgan 3-4 nafar tadbirkorni har oyda biznes markazlariga jalb qilinadi.
Markazlar esa tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining kichik biznesga alohida e’tibor qaratishi kelgusida tadbirkorlarning sonini ortishiga, endi ish boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni oyoqqa turib olishida, sifatli va eksportbop mahsulotlar tayyorlashgacha bo‘lgan jarayonlarni bosib o‘tishida zamin yaratadi.
Sardor G‘IYOSOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
