Kuba hukumati AQSh bilan kelishuvga binoan 553 mahbusni ozod qiladi
AQSh mamlakatdan terrorizm homiysi maqomini olib tashladi, deya xabar beradi DW.
AQSh prezidenti Jo Bayden mahbuslarning ozod etilishi e’lon qilinishidan bir necha soat oldin Kongressga Kuba terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarilayotgani haqida xabar bergan edi.
Bayden tomonidan imzolangan bayonotda, jumladan, Kuba hukumati "oxirgi olti oy ichida xalqaro terrorizmni hech qanday qo‘llab-quvvatlamaganligi" va Vashingtonga "kelajakda xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlamasligiga" kafolat berganligi qayd etilgan.
Kuba kommunistik hukumati Baydenning qarorini “to‘g‘ri yo‘nalishdagi qadam” sifatida olqishladi, biroq mamlakat hali ham 1962 yildan beri amal qilib kelayotgan AQSh sanksiyalari ostida qolayotganidan afsus bildirdi, deb xabar beradi AFP. Agentlik ta’kidlaganidek, Kuba oziq-ovqat, dori-darmon, elektr va yoqilg‘i taqchilligi bilan ifodalangan so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yomon iqtisodiy inqirozda AQShni ayblaydi.
Mamlakat prezidenti Migel Dias-Kanel AQSh sanksiyalarini “genosid” deb atadi va uning ma’muriyati 2021 yilda yana Kubani terrorizmning homiy davlatlari ro‘yxatiga kiritgan AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning inaugurasiyasidan so‘ng uning mamlakati “qiyinroq vaziyatlarga” tayyorligini aytdi.
Qayd etilishicha, 2021 yil iyul oyida minglab kubaliklar elektr ta’minotidagi uzilishlar va oziq-ovqat narxlarining ko‘tarilishidan norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqdi, bu esa “so‘nggi yillarda hukumat uchun eng katta muammo” bo‘ldi.
Justicia 11J inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, o‘sha norozilik namoyishlaridan so‘ng 1500 dan ortiq odam hibsga olingan, ulardan 600 nafari 2024 yil dekabrigacha qamoqda qoldi.
AP ta’kidlaganidek, Vatikan ham Kuba hukumatining 553 mahbusni ozod qilish qaroriga hissa qo‘shgan.