Jorja Meloni AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning tanqidiy fikriga qo‘shilishini aytdi

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni AQSh vise-prezidenti Jey Di Vensning Yevropaga nisbatan tanqidiy fikriga qo‘shilishini bildirdi
Avvalroq Vens "Evropa so‘z erkinligi va demokratiyaga sadoqatidan voz kechgan", deya fikr bildirgan edi
"Men bu fikrni qo‘llab-quvvatlayman, buni bir necha yildan beri aytyapman. Yevropa o‘zini biroz yo‘qotdi", — deya ta’kidladi Meloni Financial Times nashriga bergan intervyusida.
Uning fikricha, Tramp jamoasining Yevropaga qaratilgan tanqidi yevropaliklarning o‘ziga emas, balki "hukmron sinf" va odamlarga javob berish o‘rniga ularga g‘oyalarni majburiy ravishda singdirayotganlarga qaratilgan.
Financial Times'ning qayd etishicha, Trampning Yevropa Ittifoqiga nisbatan yondashuvi Melonini qiyin siyosiy vaziyatga qo‘ygan. U AQShdagi Respublikachilar partiyasi bilan uzoq yillik aloqalarga ega va Trampning inaugurasiyasida ishtirok etgan yagona yevropalik yetakchi.
Fevral oyida Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida Jey Di Vens Yevropani "o‘ng qanot kuchlar ta’sirini cheklashga urinish orqali demokratik qadriyatlarga xiyonat qilganlikda" ayblagan edi.