Janubiy Koreya rahbari demografik muammolar tufayli milliy favqulodda holat e’lon qildi
Koreya Respublikasida aholi soni kamayib borayotgani sababli milliy favqulodda holat yuz bermoqda va mamlakat hukumati ushbu tahdidni bartaraf etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni kuchaytirmoqda.
Bu haqda mamlakat prezidenti Yun Sok Yol o‘z chiqishida ma’lum qilgan.
“Bugun men rasman milliy demografik favqulodda holat e’lon qilyapman. Tug‘ilish darajasi pasayishi bilan bog‘liq muammo hal etilmaguncha biz umummilliy chora ko‘rish tizimini joriy etamiz”, — deya prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Yonhap agentligi.
Qayd etilishicha, u bu bayonotni “agar tendensiya o‘zgarmasa, respublika aholisi oxir-oqibat yo‘qolib ketishi mumkin” degan pessimistik prognozlar fonida aytgan. So‘nggi o‘n yil ichida mamlakat rasmiylari tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirish uchun turli rag‘batlardan foydalangan, biroq uy-joy narxining yuqoriligi, ta’lim xarajatlari va uzoq ish vaqti kabi omillar fuqarolarning oila qurish istagini pasaytirmoqda, deb yozadi agentlik.
Prezident siyosatning uchta ustuvor yo‘nalishini aytib o‘tdi: moslashuvchan ish soatlarini joriy etish, bolalar parvarishini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish va arzon uy-joy bilan ta’minlash.
Xususan, rasmiylar homiladorlik va tug‘ish ta’tillari qoidalarini yumshatish va ota-onalarga nisbatan qo‘llashni rejalashtirmoqda. Bunda ota-onalarning ushbu huquqdan foydalanish ulushini 2027 yilgacha (Yun Sok Yol prezidentlik muddati tugaydigan yil) hozirgi 7 foizdan 50 foizgacha oshirish rejalashtirilgan.
Ish beruvchilarga homiladorlik va tug‘ish ta’tilidagi xodimlarni almashtirish uchun vaqtinchalik ishchilarni yollashga subsidiyalar beriladi. Bolali oilalar imtiyozli ipoteka shartlari va kengaytirilgan soliq imtiyozlariga ega bo‘ladilar, qurilish kompaniyalari esa yangi turar joy binolarining 23 foizini (hozirda bu ko‘rsatkich 18 foiz) yangi turmush qurganlarga ajratishlari shart bo‘ladi.