Jahon Banki tomonidan O‘zbekistonga 50 million dollarlik kredit ajratildi

Jahon Banki tomonidan O‘zbekistonga 50 million dollarlik kredit ajratildi

Jahon banki Ijrochi direktorlari kengashi O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik loyihasini amalga oshirish uchun 50 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha hukumatning raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamda qishloq va chekka hududlardagi minglab yoshlarning raqamli ko‘nikmalarga o‘qitish va axborot texnologiyalariga asoslangan xizmatlar (ITES) sohasida ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlanoyatgan yangi loyiha O‘zbekistonga ITES xizmatlari sohasidan iqtisodiy o‘sish, yangi ish o‘rinlari yaratish va xorijiy investisiyalarni jalb qilish maqsadlarida foydalanishga yordam beradi.

Mamlakatning qishloq va chekka hududlarida istiqomat qiluvchi 30 yoshgacha bo‘lgan minglab yoshlarni o‘qitish maqsadini ko‘zlagan ushbu loyiha Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi IT Park tomonidan amalga oshiriladi. Qayd etilishicha, loyiha doirasida ushbu tayyorlov kurslaridan o‘tgan shaxslarni ishga oladigan ITES kompaniyalari uchun turli xil rag‘batlar taqdim etiladi.

2029 yilda loyiha yakuniga kelib O‘zbekiston ITES xizmatlari sohasida 25 ming kishi ish bilan ta’minlanishi va 15 ming kishi turdosh sohalarda ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Loyiha ushbu maqsadlarga erishish uchun turli xil chora-tadbirlarni maqsad qilgan, jumladan, butun mamlakat bo‘ylab zamonaviy ofis maydonlarini taklif qiluvchi 11 tagacha hududiy ITES markazlari ishga tushiriladi.

Ushbu chora-tadbirlar ITES kompaniyalarini O‘zbekiston hududlarida o‘z vakolatxonalarini ochishga rag‘batlantiradi. Buning natijasida 6,2 mingga yaqin yoshlar, shu jumladan 3,1 ming nafar ayollar va 250 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar kommunikasiya, kompyuter va til ko‘nikmalarini (ITES kompaniyalarida talab qilinadigan ingliz va boshqa chet tillari) o‘z ichiga olgan asosiy professional ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi.

Shuningdek, 9 mingga yaqin yoshlar, shu jumladan 4,5 ming nafar ayollar va 360 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar ITES kompaniyalarida ish bilan ta’minlanadi.

Kompaniyalarga o‘z navbatida loyiha doirasidagi ishtirokchilarni ishga olishi uchun moddiy rag‘batlar beriladi va O‘zbekistonda xorijiy va mahalliy ITES kompaniyalari faoliyati uchun qulay sharsharoitlarni ta’minlashda muhim o‘rin tutgan normative-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.

Yuqorida qayd etilgan loyiha chora-tadbirlari natijasida 240 ga yaqin yangi ITES kompaniyalari IT Park rezidentlariga aylanadi va O‘zbekistonda o‘z faoliyatini boshlaydi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!