Istanbul qishini isitadigan noyob turk ichimliklari haqida bilasizmi?
Mishlen yulduzli restoranlar, ko‘cha lazzatlarini o‘z ichiga olgan ko‘p asrlik oshpazlik an’analari bilan Gastrociti Istanbul — sayyohlarga har kuni yangi narsalarni kashf qilish imkonini beradi. O‘ziga xos oziq-ovqat va ichimliklar madaniyati bilan mashhur bo‘lgan shahar yilning istalgan vaqtida mavsumiy ichimliklar va mazali taomlarni taqdim etadi. Istanbulning an’anaviy issiq ichimliklari esa qishning sovuq oylarida shahar taqdim etadigan gastronomik tajribalar orasida alohida o‘rin tutadi.
Salep va boza qishda Istanbulda tatib ko‘rish kerak bo‘lgan eng yaxshi ichimliklar qatoriga kiradi.
Salep — asrlarni bosib o‘tgan damlama
Quritilgan Anadolu orkide ildizlarining kukunidan tayyorlangan salep, ming yillar davomida iste’mol qilinayotgan abadiy lazzatdir.
Ushbu mazali ichimlikning bugungi versiyasi Usmonlilar davrida paydo bo‘lgan. Usmonli saroylarida asosiy mahsulot bo‘lgan salep shifobaxsh xususiyatlarga ega, deb hisoblangan. XVII asrda ko‘cha sotuvchilari bu an’anaviy ichimlikni qishda sotishni boshlagan va qimmatbaho suyuqlikni katta chelaklarda ko‘tarib, chinni stakanlarga quyib berishgan. Bugungi kunga qadar salep Istanbulda qish uchun zaruriy mahsulotga aylanib qolmoqda va uni shahar bo‘ylab topish mumkin.
Mashhur Marash muzqaymoqlarining muhim tarkibiy qismi bo‘lgan salep kukuni sut va shakar qo‘shilib, qalinlashguncha yoqimli iforli va mazali ichimlikka aylanadi. Dolchin sepilgan bir piyola issiq salep sovuq kunlarda qulaylik va iliqlikni ta’minlaydi. Bundan tashqari, ta’kidlanishicha, muhim minerallar bilan to‘ldirilgan ichimlik sog‘liq uchun ham foydali bo‘lib, immunitetni oshiradi. Darvoqe, issiq salep Istanbulni kashf qilishda sizni energiya bilan ta’minlaydi!
Qayerda ichish kerak? Istanbulning eng yaxshi salep sotiladigan joylari Bosforning ajoyib manzaralarini ham taqdim etadi. Salepni Bosfor bo‘yidagi mahallalardan birida, jumladan, Uskudar va O‘rtako‘yda tatib ko‘rishingizni tavsiya qilamiz. Salep, shuningdek, shaharning go‘zal manzaralariga ega bo‘lgan Per Loti va Chamlija tepaliklari kabi go‘zal joylarda ham bor.
Boza — qish kechalari uchun ajoyib maza
Istanbuldagi yana bir qishki ichimlik boza hisoblanadi. Barcha yoshdagi odamlarga yoqadigan boza achitilgan donli ichimlik bo‘lib, odatda tariqdan tayyorlansa-da, makkajo‘xori, bug‘doy va boshqa donlar ham ishlatilgan. O‘tkir ta’m va zich qiyomga ega ichimlik ishtahani ochadi va tanaga issiqlik baxsh etadi. Usmonlilar davrida bozaxonalar odamlar to‘planib, undan zavqlanadigan jonli ijtimoiy maskanlari edi. Qolaversa, boza sotuvchilar Istanbulda qish tunlarida ko‘chada kezib yurishardi. Garchi bu an’ana keng bo‘lmasa-da, hozir ham mavjud. Istanbulga kelganlar kechalari aylanib yurganlarida bozachilar tovushlarini eshitishi mumkin. Boza antioksidantlar va probiyotiklarga, shuningdek, immunitet tizimini mustahkamlashga yordam beradigan vitaminlar va minerallarga boy shifo beruvchi ichimlik hisoblanadi.
Qayerda ichish kerak? Tarixiy yarim oroldagi Sulaymoniya masjidi yaqinidagi Vefa mahallasi boza tatib ko‘rish uchun eng yaxshi joy. Qishda boza muxlislari hududdagi mashhur boza do‘konlariga to‘planib, kirish joylarida uzun navbatlar hosil qiladi. Xohishga ko‘ra, boza dolchin yoki sariq no‘xat bilan bezatiladi.
