Istanbul meri qamoqqa olindi

Muxolifat tarafdori bo‘lgan Istanbul hokimi Akrom Imomo‘g‘li polisiya mahkama binosiga olib kelindi, deb xabar tarqatdi “CNN Turk” telekanali.
– Uyi tintuv qilingan mer polisiya hamrohligida sud binosiga olib ketildi, – deya izoh berilgan axborotda.
O‘z navbatida shahar rahbari hukumat bosimiga “taslim bo‘lish niyatida emasligi”ni bildirgan.
Bosh prokuratura aniqlik kiritishicha, gumonlanuvchi korrupsiyaga aloqador tashkilot bilan bog‘liq ish bo‘yicha qo‘lga olingan.
– Istanbul Xavfsizlik boshqarmasi Moliyaviy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limiga bir vaqtning o‘zida 100 nafar gumondor, jumladan Akrom Imomo‘g‘li, Murat Ong‘un, Tuncay Yilmaz, Fotih Kelesh, Ertan Yulduzga nisbatan korrupsiya, poraxo‘rlik, firibgarlik va nayrangbozlik bilan shug‘ullangani uchun hibsga olish, qamoqda ushlash, tintuv qilish va musodara qilish yuzasidan ko‘rsatma berildi, – deyilgan tarqatilgan ma’lumotda.
“Haberturk” telekanali shaharda ommaviy operasiya o‘tkazilayotgani, metro bekati, bir necha markaziy ko‘cha yopilgani haqidagi xabarlar ortidan ijtimoiy tarmoqqa kirishda uzilish yuz bergani aytilmoqda.
Istanbul universiteti seshanba kuni Imomo‘g‘lining diplomini qaytarib olishga qaror qilgan. Avvalroq Bosh prokuratura ushbu oliy ta’lim muassasasiga hokimning biznes boshqaruvi mutaxassisligi bo‘yicha olgan diplomi haqiqiyligi va qonuniyligini tekshirish uchun so‘rov yuborgan edi.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari talabaning o‘qishi Shimoliy Kiprdagi universitetdan ko‘chirilishi payti yuzaga kelgan qoidabuzarlikdan shubhalangan. O‘sha payt oroldagi ta’lim dargohini Turkiya rasman tan olmagan edi. Bu haqda Imomo‘g‘lining o‘zi ham guvohlik bergan.
Istanbul meri hozircha eng kuchli muxolif – Respublika Xalq partiyasidan prezidentlikka yagona nomzod hisoblanadi. Amaldagi yetakchi Rejep Tayyip Erdog‘an yana nomzodini qo‘ysa, ikkovi asosiy raqibga aylanadi. Mamlakat konstitusiyasiga ko‘ra, faqat oliy ma’lumotga ega shaxs davlat rahbarligiga da’vogarlik qilishi mumkin.
Ushbu voqea doirasida Istanbulda 19-23 mart oralig‘ida har qanday turdagi yig‘ilish, miting va namoyish o‘tkazish taqiqlandi, deb xabar tarqatdi “TGRT Haber” telekanali shahar hokimligiga tayanib.