Isroil havo hujumlari natijasida odamlarning tiriklayin yonayotganini ko‘rish dahshatli
Isroil G‘azo sektorida bosqinchilik va qirg‘inbarot urushini boshlaganiga 376 kun bo‘ldi. 24 soat davomida G‘azo sektori, Iordan daryosining G‘arbiy sohili hamda butun Yaqin Sharq hududida sodir bo‘lgan asosiy voqealar.
▪️Bosqinchilar G‘azo va Bayt-Laxiyaning markazi bo‘lgan Jabaliya lageriga hujum qildi. Kun davomida 61 kishi halok bo‘ldi. Urush boshlanganidan buyon 42344 kishi shahid bo‘ldi.
▪️G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi 12-kundirki fashistlar tomonidan qamalda bo‘lgan Jabaliya lageridan yaradorlarni olib chiqish uchun xavfsiz koridor ochishni so‘ramoqda.
▪️G‘arbiy Sohildagi Jenin shahrida qarshilik jangchilari bosqinchilar bilan shiddatli janglar olib bormoqda.
▪️Hizbulloh Safaddagi Naftali harbiy bazasiga 50 dan ortiq zarba berdi va Hayfa, Metulla va Kiryat Shmonaga hujum qildi. Chegarada janglar ketmoqda; 3 ta “Merkava” tanki portlatilgan.
▪️Bosqinchilar Livanning Qana qishlog‘i, Bayrut chekkasi va Bekaa vodiysidagi turar-joy binolari va kasalxonaga hujum qildi.
▪️Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bosqinchilar hujumlari boshlanganidan beri 2350 kishi halok bo‘lgan, 10906 kishi jarohatlangan.
▪️Fransiya prezidenti Makron: Netanyaxu o‘z mamlakati BMT qarori bilan yaratilganini unutmasligi, shuning uchun tashkilot qarorlariga e’tiroz bildirmasligi kerak.
▪️AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va mudofaa vaziri Lloyd Ostin Isroil G‘azodagi gumanitar vaziyatni yaxshilash uchun kelgusi bir oy ichida chora ko‘rmasa, AQShdan harbiy yordam olish bilan bog‘liq qonuniy jazolarga tortilishi mumkinligini ma’lum qildi.
▪️AQSh Davlat departamenti: Isroil havo hujumlari natijasida odamlarning tiriklayin yonayotganini ko‘rish dahshatli.