Isrofdan saqlanaylik

Alloh taolo insonlarni yer yuzidagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Shu bilan birga ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi.
Isrofning asl mohiyati haqida ham bir mulohaza qilib olsak foydadan holi bo‘lmaydi. Isrof so‘zi asli arabcha bo‘lib, hisobsiz tarzda ishlatish , haddidan oshish kabi ma’nolarni anglatadi. Isrofga yo‘l qo‘ygan kishi ne’matlarni o‘rniga sarflamagan va hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Bizning o‘zbek tilimizda uvol qilish, ne’matni qadrlamaslik degan ma’nolarga o‘girib ishlatsak to‘g‘riroq bo‘ladi.
Ota-bobolarimiz qadimdan har bir narsani xususan, nonni e’zozlashga, uni isrof qilmaslikka chaqirib kelganlar, bir dona uvoqni ham terib yeyish kerak deya tarbiya berganlar. Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lagidir. Ko‘zimizga ilmagan ushoq ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi.
Alloh taolo Qur’onda mo‘minlarning sifatlarini zikr etar ekan, ularning isrofgar ham, xasis ham bo‘lmasliklarini bayon etadi: (Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida mo‘’tadildir , deyilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar , Kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlik ko‘rmaydi , deganlar.
Lekin taassuflar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Xonadonlarimizda ortib qolgan taom yoki boshqa ozuqaviy maxsulotlar tashlab yuborilmoqda. Bugunlik kunda axlat uyumlari orasida non ham paydo bo‘lgani ayniqsa, achinarli holdir.
To‘ylar, bayramlar, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi. Borgan sari to‘y hashamlarimiz dabdabali tus olib boryapti, kundan-kunga yangi-yangi turdagi tantana va marosimlar, yangi-yangi turdagi isrofli, dabdabali odatlar paydo bo‘lmoqda.
Bir umr topgan-tutganlarimizni sog‘ligimizni tiklashga emas, moddiy ta’minotimizni yaxshilashga emas balki, dabdabali to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishga sarflaydigan bo‘lib qoldik.
Undan ko‘ra o‘sha marosimlarimizni biroz qisqartirsak, biroz ixchamlashtirsak o‘zimizga yaxshi emasmi? Bahonada qancha-qancha mablag‘ tejalar edi. Ozgina sog‘ligimizni tiklashga, farzandlarimiz ilm-odob olish yo‘liga tuzukroq e’tibor qaratishga qo‘limizda imkoniyat paydo bo‘lardi. Eng achinarlisi ehson qilamiz deb qarzga botib, qarz uzish ilinjida hayolimiz parishon bo‘lib yurmasdi.
Har birimiz shuni unutmaylikki, bunday isrofgarchiliklardan albatta qiyomat kunida har birimiz so‘ralamiz. Undan ko‘ra o‘sha pullarni bir qismini qiynalayotgan, kam ta’minlangan xonadonlarga bo‘lib bersa, qarindosh-urug‘lar orasidagi hojatmandlarning hojatini chiqarsa bo‘ladi.
Bizning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Chunki hadislarda: - Taomlarning yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirilgan ziyofatdir deyilgan. Berilgan ne’matlarni isrof qilish, ularni qadriga yetmaslik gunohdir.
Bizga berilgan molu dunyoni isrof qilmasdan, baxillik ham qilmasdan, me’yorida ishlatsak, saxovatni o‘rniga sarflasak, birovga muhtoj ham bo‘lmaymiz, qarzga ham botmasligimiz aniq.
Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham me’yordan oshilsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi.
Saxovat yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi me’yoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi.
Insonga berilgan barcha ne’matlar, ular oziq-ovqat mahsulotlari bo‘ladimi, ichiladigan suv bo‘ladimi, kiyiladigan kiyim bo‘ladimi barcha barchasini qadriga yetish kerak. Bizda gaz va shu kabi ne’matlar, odatda tejab ishlatiladi. Sababi ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Suv va shu kabi arzon yoki tekin ne’matlar xohlagancha tasarruf qilinaveradi. Sababi pulimiz ketmaydi-da. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak, vaqtida ularni qadriga yetaylik.
Har bir aqillik inson isrofdan saqlanmog‘i, berilgan ne’matlarni katta-kichik demasdan qadriga yetmog‘i darkor. Shunda Alloh taolo ne’matlarini yanada ziyoda qilib beradi.
Manba: azon.uz