Isrof shaytonning nasibasidir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Molni zoye qilish, isrof qilish, behuda ketkazish Alloh taolo-ning g‘azabini keltiradigan amallardan hisoblanadi. Buni doimo yodimizda tutishimiz lozim.
Abul Ubaydayndan rivoyat qilinadi:
Abdullohdan isrofchilar haqida so‘ragan edim, Ular molni nohaqdan sarflaydiganlar , dedi .
Buxoriy rivoyat qilgan.
Demak, nohaqdan, harom-xarish, behuda narsalarga keragidan ortiq mol sarflagan kishi Qur’oni karimda zikri kelgan mubazziriyn , ya’ni isrofchilardan bo‘lib qolar va ularga atalgan azob-uqubatlarga duchor bo‘lar ekan. Shunday ekan, musulmon odam isrofchi bo‘lishdan har tomonlama saqlanishi lozim.
Ibn Abbosdan rivoyat qilinadi, u dedi:
Isrofgarlar haqdan boshqadadirlar .
Buxoriy rivoyat qilgan.
Ya’ni molni nohaq sarflaydigan isrofchi odam haqdan uzoqda bo‘lar ekan.
Abu Barza Aslamiydan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
Qiyomat kuni bandaning ikki qadami to undan umridan uni nimada o‘tkazgani, ilmidan u bilan nima qilgani, molidan uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani, jismidan uni nimada qaritgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi .
Termiziy rivoyat qilgan.
Ushbu hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir mo‘min banda alohida ahamiyat berishi va hech qanday isrofga yo‘l qo‘masligi lozim bo‘lgan to‘rt buyuk ne’mat haqida so‘z yuritmoqdalar. Qiyomat kuni bandadan eng avval va alohida ta’kid bilan so‘raladigan ne’matlar haqida xabar bermoqdalar.
Demak, qiyomatda alohida va o‘ta ahamiyatli so‘roq-savol qilinadigan ne’matlar quyidagilardir:
1. Banda undan umridan uni nimada o‘tkazgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi.
Umr banda uchun eng aziz va qimmatli ne’mat hisoblanadi. Uning har lahzasi hisob-kitoblidir. Umrning biror lahzasini zoye qilishga, isrof qilishga bandaning haqqi yo‘q. Umrni behuda narsalarga sarflash uni isrof qilishdir. Banda bu qilmishi uchun oxiratda javob beradi. Buni odatda vaqtni behuda o‘tkazish, vaqtni isrof qilish ham deyiladi. Shuning uchun har bir mo‘min banda o‘ziga berilgan umrdan unumli foydalanish payidan bo‘lishi kerak.
2. Banda undan ilmidan u bilan nima qilgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi.
Ilm ne’mati bandaga berilgan eng qimmatbaho ne’matlardan biridir. Inson o‘ziga berilgan ilm ne’matini o‘zi, oilasi, qavm-qarindoshi, jamiyati, vatani va insoniyat foydasi uchun sarfla-mog‘i, uni isrof qilmasligi lozim.
3. Banda undan molidan uni qayerdan kasb qilgani va nimaga sarflagani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi.
Bandaga berilgan mol-mulk Alloh taoloning katta ne’mati ekani hammaga ma’lum. Qiyomatda har bir ne’matning hisob-kitobi bo‘lgani kabi, molu mulk ne’matining ham alohida hisob-kitobi bor. Bu borada hukamolarimiz: Mol-mulkning halolining hisobi, haromining azobi bor , deganlar. Shunday ekan, halol mol-mulkni sarflashda zinhor isrofga yo‘l qo‘ymaslik, haromdan esa hazar qilish lozim.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
O‘zingga va ahli baytingga isrof qilmasdan va sovurmasdan qilgan xarajating va sadaqa qilgan narsang sen uchundir. Riyo va shuhrat uchun bo‘lgani shaytonning nasibasidir .
Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning bu hikmatli gaplari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hikmat bulog‘idan suv ichgandir. Mo‘min kishi o‘ziga va oilasiga qilgan xarajati foydali bo‘lishi uchun molni isrof qilmasligi va behuda sovurmasligi shart ekan.
4. Banda undan jismidan uni nimada qaritgani haqida so‘ralmagunicha joyidan jilmaydi.
Alloh taolo bandaga ato qilgan jism va jismoniy qobiliyatlar ham katta ne’matdir. Bu ne’matning shukronasi uni Alloh taolo ko‘rsatganidek tasarruf qilish bilan yuzaga chiqadi. Jismni behuda ishlarga mashg‘ul qilish uni zoye qilish va isrof qilish deb qaraladi.