Ispaniyada o‘qituvchilar o‘quv yilidan oldin Isroilga qarshi namoyish o‘tkazdi
Ispaniyada Isroilning G‘azodagi genosidiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari kuchaymoqda. Pedagoglar Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakat bo‘ylab kampaniya boshladi.
Falastinni qo‘llab-quvvatlash va Isroilning genosidini to‘xtatish maqsadida tuzilgan Marea Palestina harakati Madrid va boshqa shaharlarda tinch tarzda binolarni egallash aksiyalarini tashkil etdi.
Ta’lim xodimlari — o‘qituvchilar va universitet professorlari ochiq norozilik bildirib, hukumatdan Isroil bilan barcha aloqalarni, jumladan qurol savdosini to‘xtatishni talab qilishdi.
Madriddagi aksiya chog‘ida bir guruh o‘qituvchilar Bellas Artes binosida o‘zlarini to‘sib, Falastin bayroqlari va “Erkin Falastin: Genosidga qarshi ta’lim” yozuvli bannerni ochishdi.
Marea Palestina vakili, o‘qituvchi Fernando Maso:
"Dastlab bu siyosiy ko‘rinishda edi, ammo endi insoniy tabiatga zid holatga duch keldik. Isroilga qarshi butun xalq safbaror bo‘lishi shart."
Aksiya Ispaniya ta’lim sohasidagi ko‘plab kasaba uyushmalari va jamoat tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
O‘qituvchi Gema Kintana:
"Biz yangi o‘quv yilini go‘yo hech nima bo‘lmagandek boshlashni istamaymiz. Keyingi hafta darslarda talabalarga G‘azoda bo‘layotgan voqealar haqida gapiramiz."
O‘qituvchilar haftaning qolgan qismida ham tinch namoyishlarni davom ettirishni, Isroilning urusha jinoyatlari va genosidini qoralashni va hukumatdan Isroil bilan har qanday aloqani uzishni talab qilishni rejalashtirmoqda.
2023-yil 7-oktabrdan beri Ispaniya ta’lim sektori ishchilari va talabalari muntazam ravishda Isroilga qarshi namoyishlar o‘tkazib kelmoqda.
Madriddagi Isroil elchixonasi noroziliklar “sinflarda antisemitizm yaratadi” degan bahona bilan ta’qiqlanishini talab qilgan bo‘lsa-da, bu talab rad etildi.
Ispaniya bugungi kunda Isroilga qarshi eng ko‘p norozilik aksiyalari o‘tkaziladigan Yevropa davlatlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
