Islomning maqsadi nima?

Islomning maqsadi nima?

Islom ilm dini bo‘lib, ilm islom taraftadir. Avval g‘arbliklar Islomni ham boshqa dinlar kabi, ilmga qarshi qo‘ydilar. Ammo Islomda hammasi boshqacha bo‘lib chiqdi. Ilm rivojlanib borgan sari uning Islomda kelgan ma’lumotlarni tasdiqlashi kuchayib bordi. Asta-sekin Islom aqiydasida kelgan ma’lumotlarning to‘g‘riligiga ilmiy kashfiyotlarni dalil sifatida keltirish yo‘lga qo‘yildi. Bu ish hozir ham davom etmoqda. Shu tariqa Islomdagi aqiydaviy masalalarga ilmiy dalil keltirish yuzaga chiqdi.

Oxiri kelib, Islom aqiydalarining dalillari Qur’oni Karim va hadisi shariflar, aql hamda ilm asosida taqdim qilinadigan bo‘ldi.

Baxtli hayot yo‘lida musulmon inson qo‘yadigan har bir qadam eng ishonchli ilm – Alloh taolo bergan ilm asosida ekani zinhor unutilmasligi kerak. Ushbu ilmda hech qanday insoniy xayol, taxmin va gumon yo‘q, balki Islom keltirgan har bir ko‘rsatma o‘ta ishonchli ilmga suyangandir.

Xo‘sh, Alloh taolo tarafidan insonni ikki dunyo saodatiga eltuvchi qilib yuborilgan, o‘ta ishonchli ilmga asoslangan o‘sha Islom dinining maqsadlari nimalardan iborat? 

Islom ta’limotlarining barchasi, shariat ahkomlarining hammasi insonni mukammal baxt-saodat bilan ta’minlashga qaratilgandir. Bu haqiqatni tushunib olishimiz uchun «Islomning maqsadlari nimalardan iborat?» degan savolga javob berishning o‘zi kifoya. 

Bu savolga Islom ummati salkam o‘n besh asrdan buyon bir ovozdan «Islomning maqsadlari dinni, jonni, aqlni, naslni va molni asrashdan iborat», deb javob berib kelmoqda. 

Insonning baxtu saodatiga oid barcha bugungi kunda ko‘tarilayotgan masalalar mana shu besh muhim narsa – din, jon, aql, nasl va molni asrash, muhofaza qilish ishi bilan bog‘liqdir. 

Islom kishilarni biror ishga buyurgan bo‘lsa, ushbu besh narsani asrash uchun buyurgandir. 

Islom kishilarni biror narsadan qaytargan bo‘lsa, ushbu besh narsani muhofaza qilish uchun qaytargandir.

Imom G‘azzoliy o‘zlarining «Mustasfo» nomli usulul fiqh ilmiga oid kitoblarida shunday deydilar: 

«Shariatning insonni yaratishdan ko‘zlagan maqsadlari beshta bo‘lib, u xaloyiqning dinini, jonini, aqlini, naslini va molini muhofaza qiladi. Ushbu besh aslning muhofazasini o‘z ichiga olgan har bir narsa maslaha – manfaatdir. Bu beshlikka zarar yetkazadigan har bir narsa mafsada – buzuqlikdir. Ana shu zararni daf qilish ham maslaha, ya’ni manfaatdir». 

Maqsadi shunday oliy darajada bo‘lgan tuzumgina inson baxtini yetarli darajada ta’minlay olishi mumkin. 

Islom ana o‘sha oliy maqsadni amalga oshirgan, yo‘lga qo‘ygan va ular bilan insonlarni manfaatlantirgan. Bu ulkan haqiqatga tarix shohid, ko‘hna insoniyat shohid. 

Manba: islom.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!