ISHID rahbari Amir Muhammad al-Maul AQShning Iroqdagi informatori bo‘lgan. U amerikalik harbiylarga boshqa terrorchilar haqida ma’lumot bergan

ISHID rahbari Amir Muhammad al-Maul AQShning Iroqdagi informatori bo‘lgan. U amerikalik harbiylarga boshqa terrorchilar haqida ma’lumot bergan

ISHID terrorchilik tashkilotining hozirgi yetakchisi Amir Muhammad Said Abdul-Rahmon al-Maul avval Iroqdagi amerikalik harbiylarning informatori bo‘lgan. Ues-Poyntdagi Terrorchilikka qarshi kurash bo‘yicha markaz oshkor qilgan al-Maulning so‘roq bayonnomalarida bu haqda ma’lumotlar mavjud, deb yozmoqda The Washington Post.

Abu Ibrohim al-Xoshimiy al-Qurayshiy nomi bilan tanilgan Amir Muhammad Said Abdul-Rahmon al-Maul 2019 yil oktyabr oyida ISHID rahnamosi deb e’lon qilingandi. O‘shanda u tashkilotning sobiq rahbari Abu-Bakr al-Bag‘dodiy Suriyadagi AQSh maxsus operasiyasi vaqtida o‘zini portlatib yuborganidan keyin ISHID yetakchisiga aylangandi. AQSh al-Maulni qidiruvga bergan va uni topgan odamga 10 million dollargacha mukofot va’da qilgan.

AQSh harbiy akademiyasining terrorchilikka qarshi kurashish bo‘yicha markazi al-Maulning amerikalik harbiylar bilan hamkorlik qilgani haqidagi axborotlarni 2020 yilning kuzida oshkor etgandi. Biroq The Washington Post’ning yozishicha, yangi ma’lumotlar birmuncha sabrsiz inson bo‘lgan ISHIDning hozirgi yetakchisi bergan axborot harbiylarning tashkilotga yanada yaqinlashishiga zamin hozirlagan.

Al-Maul 2007 yil oxiri yoki 2008 yil boshlarida Iroqda qo‘lga olingan va u vaqtda ISHIDning o‘rta guruhiga qo‘mondonlik qilgan. U maxsus lagerga joylashtirilgan va AQSh harbiylari uni juda ko‘p marta so‘roq qilgan. Al-Maul qariyb ikki oy davomida harbiylar bilan hamkorlik aloqalarini olib borgan. Uni so‘roq qilish bo‘yicha oxirgi bayonnomalar 2008 yil iyunida qayd etilgan. Shundan keyin uning qayerga ketganiga aniqlik kiritilmagan. Al-Maul ozodlikka chiqarilgani taxmin qilingan.

Al-Maul AQSh harbiylariga terrorchilikda gumon qilingan shaxslar fotorobotini yaratishga ko‘maklashgan va ISHIDdagi rahnamolari tushlik qilgan restoranlar haqida gapirib bergan. So‘roqlarning birida u 19 nafar ISHID qo‘mondonining telefon raqamlarini aytgan va ularning ayrimlari qancha pul ishlab topishi haqida ham ma’lumot bergan. Boshqa bir so‘roq jarayonida ISHID asoschilaridan biri, «Al-Qoida» terrorchilik tashkiloti a’zosi Muhammad Mumu yashiringan joy qayerda ekanligini oshkor qilgan. Keyinchalik Mumu otib o‘ldirilgan.

«Al-Maul yorqin iqtidor va qobiliyatlar sohibi edi», — deya yozgan AQSh harbiy akademiyasi Terrorchilikka qarshi kurashish markazi dosenti Deniel Milton Lawfare’dagi blogida. Milton al-Maulning so‘roq bayonnomalarini o‘rgangan tadqiqotchilardan biri hisoblanadi.

Al-Maul haqidagi hujjatlarni oshkor etgan rasmiy shaxslar axborotlarning ISHID yetakchisini sharmanda qilishi mumkinligini yaxshi tushunadi, biroq tashkilot ichkarisida al-Maulning o‘tmishi haqida ma’lumotga ega terrorchilar ko‘p. ISHID a’zolarining hammasi ham uning tarafdori emas, ayrimlar uni AQSh bilan hamkorlik qilgani uchun ham ISHID rahbarligiga tayinlanishiga qarshi chiqqan. Lekin AQSh hukumatining ma’lum qilishicha, al-Maul baribir insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan terrorchilardan biri, deya yozgan The Washington Post.

Avval Iroq qurolli kuchlari ISHID yetakchilaridan biri — «Dajla amiri»ni qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi.

ISHID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan «terrorchilik tashkiloti» deb topilgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!