Iqtisodiy muloqot dasturidan Afg‘onistongacha. Mirziyoyev SHHT sammitida nimalarni taklif qildi?
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 4-iyul kuni SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi navbatdagi majlisida ishtirok etdi.
Sammitning kun tartibidan kelib chiqib, Shavkat Mirziyoyev tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflarni bayon qildi. Xususan, davlat rahbari ko‘p tomonlama siyosiy hujjat - SHHTning yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va transchegaraviy sheriklik kodeksini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
“Uning qabul qilinishi ustuvor vazifalarni aniqlash, yangi sharoitlarda ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha umumiy yondashuvlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish imkonini beradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbari SHHT davlatlari sanoat va innovasion taraqqiyot ko‘rsatkichlari bo‘yicha yetakchilik qilgani holda ulkan intellektual salohiyatga, eng boy energiya va agrar resurslarga ega ekanini qayd etdi.
“Bugungi kunda ichki-mintaqaviy savdo va sanoat-texnologik hamkorlikni rivojlantirish uchun umumiy makonni shakllantirish tashabbusi har qachongidan ham dolzarbdir”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Shu ma’noda, Prezident innovasion taraqqiyot, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmasevtika va kelajak sanoatining boshqa tarmoqlarini qamrab oladigan SHHTning yangi iqtisodiy muloqoti dasturini qabul qilishni taklif etdi. Bu yo‘nalishlardagi loyihalarni ilgari surish maqsadida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlar hududlarining innovasion sherikligi haftaligini hamda yuqori tehnologiyalar qo‘shma ko‘rgazmasini o‘tkazish taklifini bildirdi.
Transport-kommunikasiya masalalariga to‘xtalib, O‘zbekiston Prezidenti SHHT davlatlarining transport o‘zaro bog‘liqligining yagona xaritasini ishlab chiqish tashabbusini bildirdi.
“Bu “to‘siqlar” va “bo‘shliqlar”ni aniqlash, umumiy, integrasiyalashgan transport-tranzit tizimini shakllantirish uchun ustuvor chora-tadbirlar va loyihalarni belgilash imkonini beradi”, dedi Mirziyoyev.
Kelgusi yilni SHHT makonida Ekologiya yili deb e’lon qilinishini qo‘llab-quvvatlab, O‘zbekiston yetakchisi “Yashil kamar” dasturi doirasida Mintaqaviy ekologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tayyorlashni taklif qildi.
“SHHT maydonida iqlim o‘zgarishiga moslashish, dekarbonizasiya va “toza” texnologiyalarni joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va suv tejamkorligini rivojlantirish bo‘yicha yaqinroq muvofiqlashtirish va amaliy hamkorlik zarur”, dedi u.
O‘zbekiston Prezidenti Samarqanddagi "Ipak yo‘li" xalqaro universiteti negizida shu yilning oktyabr oyida Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining yubiley sessiyasi doirasida SHHT turizm industriyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.
Davlat rahbari SHHTning boy madaniy-gumanitar salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘zaro muvofiqlashgan siyosatni amalga oshirishning dolzarb ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shu munosabat bilan intensiv madaniy almashinuvning yillik taqvimini shakllantirishni amaliyotga joriy etish hamda “SHHT - kelajakning ijodiy g‘oyalari va tashabbuslari makoni” yoshlar almashinuvini kengaytirish bo‘yicha Tadbirlar dasturini tayyorlash taklif qilindi.
SHHTning Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi faoliyatini faollashtirish borasidagi sa’y-harakatlarni qayd etib, Shavkat Mirziyoyev tuzilma kengashining sayyor yig‘ilishlari amaliyotini davom ettirishni qo‘llab-quvvatladi, bu tuzilmaning zamonaviy tahdidlarga tezkor javob berish masalalarida vakolatlarini oshirishga imkon berishini ta’kidladi.
Yana bir muhim masala - Afg‘onistonda saqlanib qolayotgan murakkab vaziyatga to‘xtalib o‘tildi. Prezident Afg‘onistonning bevosita qo‘shnilari bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlatlari uzoq muddatli siyosiy yechimni topishdan barchadan ko‘ra manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shu munosabat bilan “SHHT – Afg‘oniston” aloqa guruhi formatida qo‘shma faoliyatni va maslahatlashuvlarni qayta tiklash taklif qilindi.
