Import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar ro‘yxati tasdiqlandi
“O‘zbekiston Respublikasi hududida chiqindilar, ayrim turdagi xavfli mahsulot va kimyoviy moddalar muomalasi bilan bog‘liq nazoratni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (916-son, 30.12.2024 y.) qabul qilindi.
🔰 Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
▪️O‘zbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar va chiqindilar ro‘yxati;
▪️O‘zbekistonga olib kirilishi taqiqlangan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va boshqa turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar ro‘yxati;
▪️Import-eksport qilinishi davlat tomonidan tartibga solinadigan va majburiy ekologik sertifikatlashtirish lozim bo‘lgan xavfli mahsulotlar hamda chiqindilar ro‘yxati.
📜 O‘zbekiston hududiga belgilangan chiqindilarni qayta ishlash va utilizasiya qilish uchun olib kiruvchilar quyidagilarga ega bo‘lishi shart:
🔹chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizasiya qiladigan, qayta ishlaydigan yoki ulardan takroriy foydalanadigan import qiluvchilar – chiqindilarni utilizasiya qilish, qayta ishlash yoki takroriy foydalanish jarayonlarining atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishi to‘g‘risidagi bayonot loyihasi bo‘yicha davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasiga;
🔹chiqindilarni mustaqil ravishda to‘liq utilizasiya qilishi, qayta ishlash yoki ulardan takroriy foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan import qiluvchilar – mazkur chiqindilarni topshirish yoki realizasiya qilish yuzasidan chiqindilarni utilizasiya qilish va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar bilan tuzilgan shartnomaga.
📌 Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.