Imomga qancha yaqin turilsa, shuncha savobi ko‘p bo‘ladimi?
— Masjidda namoz payti imomga qancha yaqin qatorda o‘tirsa, shuncha savobi katta, deb eshitgandim. Shu rostmi?
— Albatta, avvalgi safga savob bor. Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam safning u boshidan bu boshigacha orani to‘g‘rilab, yelkalarimiz va ko‘kraklarimizni silab chiqar va: “Ixtilof qilmanglar, yana qalblaringiz ixtilof qilib qolmasin”, der edilar. Yana: “Albatta, Alloh va Uning farishtalari birinchi saflarga salovot ayturlar”, der edilar” (Imom Abu Dovud, Imom Nasoiy rivoyat qilganlar).
Sharh: Bu hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam saflarning to‘g‘ri bo‘lishiga nafaqat og‘izda, balki amalda ham e’tibor berganliklari bayon etilmoqda. Safning to‘g‘riligini ko‘rish bilan kifoyalanmay, qo‘llari bilan ham ushlab, to‘g‘rilab chiqishlari shuni ko‘rsatadi. Imomlarimiz ham ushbu sunnatga amal qilishlari kerak.
Ikkinchidan, safdagi qing‘ir-qiyshiqlik musulmonlarning qalblaridagi egrilikka ham sabab bo‘lib qolishi mumkinligi bayon qilinmoqda. Demak, musulmonlar jamoat namozida safni to‘g‘ri olib, bir tekis tutsalar, qalblari ham to‘g‘ri bo‘ladi. Agar ular saflarini qing‘ir-qiyshiq tutsalar, qalblari ham egri bo‘lib qoladi. Namoz o‘qib, jamoatda ishtirok etganlarning holi shu bo‘lsa, namoz o‘qimay, jamoatga kelmay yurganlarning holi qanday bo‘lishini o‘zingiz bilib olavering!
Uchinchidan, hadisda Alloh birinchi safda turganlarga O‘z rahmatini nozil qilishi, farishtalarning ularning haqqiga istig‘for aytib, duo qilishlari bayon qilinmoqda. Demak, safda turgan namozxonlar o‘zlariga Allohning rahmati yog‘ilayotganini va farishtalarning duo qilayotganlarini his qilib turishlari lozim. Bu qanday ham yaxshi holat! Allohning rahmatiga, farishtalarning duolariga loyiq bo‘lmoq va ularga erishishga muvaffaq bo‘lmoq lozim! (“Hadis va Hayot” kitobidan) Vallohu a’lam!
Muhammad Ayyub HOMIDOV