Ikki legionerimiz Yevropa chempionlar ligasida yurishini boshlayapti

Ikki legionerimiz Yevropa chempionlar ligasida yurishini boshlayapti

Qozog‘istonning amaldagi chempioni – “Ordabasi” o‘z tarixida ilk bor UYEFAning eng nufuzli musobaqasi Chempionlar ligasida yurishini boshlaydi.

Yangi mavsumda Yevropa Chempionlar ligasida ikki legionerimiz – Shahboz Umarov va Jasurbek Yaxshiboyev ishtirok etadi.

Ta’kidlash joizki, yetmish yildan beri tashkil etib kelinayotgan Yevropa qit’asining eng nufuzli musobaqasi – Chempionlar ligasi (avvalgi Chempionlar kubogi) 2024-2025 yilgi mavsumdan boshlab, yangicha formatda o‘tkaziladi.

Dastlabki uchta saralash bosqichi va pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar Chempionlar ligasining umumiy bosqichiga yo‘llanma oladi. Aynan mana shu umumiy bosqich avvalgi formatdagi guruh bosqichi o‘rnini egalladi. Bu gal ushbu raund ishtirokchilari soni to‘rttaga ko‘paytirilib, jami 36 ta jamoani tashkil qiladi.

Yangi mavsumda UYEFAga a’zo 55 ta mamlakatdan 53 tasidan futbol jamoalari ishtirok etadi. Bu yil ham musobaqada Lixtenshteyn va Rossiya vakillari yo‘q.

Qur’a natijasiga ko‘ra, “ko‘hna qit’a”ning yangicha formatdagi yangi mavsumida “Ordabasi” tarixiy ilk uchrashuvini Moldovaning “Petrokub” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Dastlabki bosqichning birinchi o‘yini 10 iyul kuni Qozog‘istonda bo‘ladi.

Bu bellashuvni xorvatiyalik hakamlar brigadasi boshqaradi. Bosh hakam vazifasini Patrik Kolarich bajaradi. Unga qanotlarda Luka Paich va Ivan Starchevich yordam beradi. Zaxira hakami Dario Bel bo‘ladi.

“Ordabasi” futbolchilari orasida Jasurbek Yaxshiboyev Yevropa Chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etish tajribasiga ega. Legionerimiz uch yil muqaddam Moldovaning “Sherif” jamoasi safida qit’aning eng nufuzli musobaqasida qatnashgan. O‘shanda Jasurbek “Santyago Bernabeu” arenasida madridlik muxlislar ko‘z o‘ngida “Real” darvozaboni Tibo Kurtuaga gol urib, o‘z nomini tarixga muhrlagan edi.

Bundan tashqari, Yaxshiboyev Moldova chempionati doirasida “Petrokub”ga qarshi ikki marotaba maydonga tushib, bittadan gol va assist muallifi bo‘lgan.

27 yoshli hujumkor futbolchimiz Yevropa Chempionlar ligasidan tashqari Yevropa Ligasida ham ishtirok etib, o‘ziga yetarlicha tajriba to‘plagan.

Jasurbek o‘zi uchun debyut mavsumda “Ordabasi”ning eng zo‘r to‘purariga aylanib oldi. Chempionat davomida raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qilgan legionerimiz chimkentliklarning musobaqa jadvalida birinchi o‘rinni egallab turishiga katta hissa qo‘shdi.

25 yoshli Shahboz Umarov o‘tgan yili chimkentliklar bilan chempionlikni nishonladi va joriy mavsumda ham jamoada qolib, “Ordabasi”ga yordam berishga qaror qildi.

Shahboz Qozog‘iston Premyer-ligasida o‘nta bellashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bittadan gol va golli pas yozdirib qo‘ydi.

Legionerlarimiz jamoasi 10 iyul kuni uy uchrashuvida maydonga tushganidan keyin bir hafta o‘tib, Moldovada “Petrokub” mehmoni bo‘ladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!