IIB xodimlari "Kun.uz" jurnalistini do‘pposlashdi, keyin esa...

IIB xodimlari "Kun.uz" jurnalistini do‘pposlashdi, keyin esa...

"Vazir Bobojonov, iltimos, iste’fo bering, negaki sizning xodimlaringiz fuqarolarni haqoratlab, kaltaklashda davom etyapti. Siz tizimni o‘zgartira olmayapsiz", - deya yozib chiqdi jurnalist  Alisher Ro‘zioxunov.  Buning sababini esa qo‘yidagicha tushuntirmoqda:

"23 oktyabr kuni tungi soatda chorrahadan o‘tayotgandim. Chorrahadan o‘tish bilan yo‘l harakati xodimi – inspektor bir mashinani to‘xtatdi. U yo‘l yoqasida turgan inspektor xizmat mashinasiga yonma-yon, yo‘lning ikkinchi yo‘lagiga to‘xtadi. Inspektor esa yo‘lning uchinchi yo‘lagidan haydovchi eshigi tomon yurib kelayotgandi. Men yo‘ldagi tirbandlik va vaziyatni ko‘rib, arang uchinchi va to‘rtinchi bo‘lak orasiga tushib qoldim. Shunday inspektorning qo‘li mashinam o‘ng yon oynasiga tegib ketdi.  

Shu joydan qochmay, inspektor kelishini kutdim, unga yo‘l o‘rtasiga sal e’tibor bilan chiqishini aytganim bilan mojaro boshlandi. Hamma ishini qo‘yib, 6dan ortiq xodim meni o‘rab oldi. Inspektor hujjatlarimni talab qildi. Berdim. Shu orada qiy-chuv qilib, xodimlar “buni rasmiylashtir, odam urdi” deb “aql” o‘rgata boshladi. Men sal shokka tushdim. 

Shu orada shahar IIBBda kimni tanisam, qo‘ng‘iroq qilib, anglashmovchilik bilan ishni jiddiylashtirayotganini tushuntirdim. Inspektor telefonimni olib bir chetga o‘tib ketdi. Go‘shakni nariyog‘idagi odam vaziyatni uning og‘zidan eshitayotgandi. Shu paytdan niqobda, hech qanday tanish belgisi bo‘lmagan 2 nafar xodimning biri dubinka bilan qornimga soldi. Hech qanday sabab yo‘q. Aynan shu xodim mensimay, haqoratlab gaplasha boshladi. Buni tushunmadim, ammo vaziyat keskinlashib ketmasligi uchun xo‘p, aka deb turgandim. Shu xo‘p so‘zim ham yoqmadi shekilli. Dubinka zarbidan ikki bukilib yerga o‘tirdim. Qolganlar mashara qilishni boshladi. Aktyor ekan, tegma, hozir o‘ziga keladi, deb.  

Inspektor telefonda suhbatni tugatib, qaytib keldi va men jurnalist ekanimni qolganlarga aytdi. 10 daqiqadan so‘ng, atrofdagi xodimlari tumtaraqay bo‘ldi. Inspektor va zudlik bilan shu joyga yetib kelgan rahbari meni yupatib kechirim so‘radi. Men qabul qildim. Ammo gap ularda emasdi. Xullas, vazir janoblari, ikkiyuzlamachi, o‘zboshimcha va vakolatini suiste’mol qilib, odam uradigan, haqarotlaydigan xodimlaringizni isloh qilolmayapsiz. Buni eplaydigan odamga o‘rningizni bo‘shatib bering.  

Ps. Men o‘zimni hech qachon bunday vaziyatlarda oppoq ko‘rsatmayman. Inspektordan aybim bo‘lsa, buni rasmiylashtirishni 5 marta so‘radim, masalan..."- deya qo‘shimcha qilib, yozib  qoldirgan jurnalist.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!