Ho‘kiz o‘yini yoki soxta «jinoyat ishi»ni uyushtirish kimga va nima uchun kerak bo‘lgan?

Ho‘kiz o‘yini yoki soxta «jinoyat ishi»ni uyushtirish kimga va nima uchun kerak bo‘lgan?

“Hurriyat” gazetasining 12 iyun sonida e’lon qilingan “Ho‘kiz o‘yini” maqolasi sizni o‘yga solishi aniq. Jamiyatda saqlanib qolgan va goh-gohida bo‘lsa-da bo‘y ko‘rsatib turgan ushbu firibgarlik Ichki ishlar tizimida ro‘y bergani ajablantirmasdan qolmaydi. 

O‘tgan yilning may oyida Yangibozor tuman ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv bo‘linmasi tezkor vakili Sarvar Sultonov va mazkur bo‘lim profilaktika noziri Jo‘rabek Odamboyev Jinoyat kodeksining 241-1-moddasi (jinoyatni hisobga olishni qasddan yashirish), 209-moddaning – (mansab soxtakorligi) 1-qismi, 238-moddaning (yolg‘on guvohlik berish) 2-qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortildi.

Tumanning Bog‘olon qishlog‘i Qatli mahallasida yashovchi Jalil Hojiboyevning bir bosh novvosi unga qarashli “Jasur-Jalil” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi dalasida bog‘lab qo‘yilgan mahal yo‘qolib qolgani bunga sabab bo‘ldi. Tergov hujjatlarida qayd qilinishicha, S.Sultonov va J.Odamboyev mol o‘g‘irlanganiga oid og‘zaki xabarga loqayd qarashgan. Respublika Jinoyat kodeksining 169-moddasida bayon etilgan o‘g‘irlik holati yuz berganiga qaramasdan, uni tuman ichki ishlar bo‘limining maxsus daftariga qayd qildirishmagan. Molni egasiga topib berishni va’da qilish bilan kifoyalanishgan. Ho‘kiz egasi J.Hojiboyev va uning otasi M.Hojiboyevni shu atrofdagi Shovot mol bozori va Gurlan tumanining ayrim qishloqlariga boshlab borishgan. Bu urinishlardan naf chiqmagach, mol egasining toqati toq bo‘lib, ho‘kizi yo‘qolganidan so‘ng oradan roppa-rosa bir hafta o‘tgach – 2018 yilning 25 may kuni tuman ichki ishlar bo‘limiga shaxsan borib, ariza topshirgan.

Uning bu tashrifi mazkur muassasa binosiga kirish joyida yuritiladigan maxsus daftarga qayd ham etilgan. Lekin,negadir ushbu bitik keyinchalik o‘zgartirilgan. “Hojiboyev Jalil”deya qayd etilgan yozuv ustidan chizilib, uning o‘rniga “Jonibekov Maqsud”ning ismi-sharifi bitilgan. Bu hol J.Hojiboyevning ichki ishlar bo‘limiga chindan ham ariza bilan murojaat qilgani, biroq, mas’ullar tumanda sodir etilgan jinoyatlarni kamaytirib ko‘rsatish maqsadida, uni qasddan yashirishganini ko‘rsatadi.

Izquvarlar ayni maqsadda mol egalarini qoramol o‘g‘irlanmagani, aksincha yo‘qolib qolgani, keyinchalik topilgani haqida ko‘rsatma berishga undashgan. Mazkur “ko‘zbo‘yamachilik” prokuratura tomonidan fosh etilgani va shu ish yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganidan so‘ng haqiqat ochildi. Shunday qilib, sudga taqdim etilgan hujjatlarga qaraganda, Bog‘olon qishlog‘ida ho‘kiz o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq voqea qilni qirq yorib tekshirilgan. O‘g‘irlikni haspo‘shlashga uringan xodimlarning qilmishi fosh etilgan...

Sud “favqulodda” hisoblangan bu ishga ancha jiddiy va sinchkovlik bilan yondoshdi. Uni ko‘rish jarayonida masalaning hech kim kutmagan, tamomila yangi jihatlari ochildi. Ko‘rib chiqilayotgan ishning mazmun-mohiyati va yo‘nalishini butunlay boshqa o‘zanlarga solib yuborishga turtki bo‘lgan holatlar ko‘rindi. Chunonchi, ichki ishlar bo‘limning har ikkala xodimi ham sudda nafaqat o‘zlariga qo‘yilgan ayb, shuningdek, ayblov bilan bog‘liq barcha voqealar tafsilotini ham butunlay inkor etdilar. Taajjub. Sud va tergovga guvoh hamda xolis sifatida jalb qilingan boshqa fuqarolar ham aynan shu yo‘sinda ko‘rsatma berdilar. Zikr etilgan holatlarni mutlaqo boshqacha, hattoki, aksincha mazmunda talqin etdilar. Sud hay’ati ko‘p o‘yinlarni ko‘rgan edi-yu, ammo ho‘kiz o‘yinini ko‘rmagan edi.

Sud tomonlarning vajlari, dalil-dastaklariga tanqidiy nuqtai nazar bilan qarashdan tashqari, ko‘p sonli guvoh va xolislarning ko‘rsatmalariga alohida e’tibor berdi. Ishonch hosil qilmagan hollarda esa masalani voqea joyiga ham borib o‘rgandi, berilgan guvohliklarning haqiqatga nechog‘li mosligini sinchiklab tekshirdi. Zotan, sudning mohiyati ham aynan tergov materiallari bilan sud zalida aytilganlar o‘rtasida tarozining pallasini to‘g‘ri ushlashdadir.

Sudda ko‘rsatma bergan ayblanuvchi S.Sultonov Hojiboyevlarning ho‘kizi yo‘qolgani hakidagi xabarni maxsus profilaktik tadbir yuzasidan ularga qarashli fermer xo‘jaligi dalasiga borgan paytda yo‘l-yo‘lakay eshitgani, bu haqda unga hech kim ariza bilan murojaat qilmagani, molni izlab, uning egasi bilan na bozor, na chor-atrofdagi qishloqlarga borgani, ichki ishlar bo‘limi binosiga kiraverishdagi o‘tish joyida yuritiladigan daftardagi yozuvlar qalbakilashtirilganiga daxldor emasligi, keyinchalik molning “o‘g‘irlanganlik” holatini tekshirishda qatnashgan viloyat ichki ishlar boshqarmasi tezkor vakili M.Saidov tushuntirish xatlarini o‘zi yozib, so‘ngra imzo chektirgani, tergov organi xodimlari esa aybiga iqror bo‘lmasa, qamoqqa olish bilan qo‘rqitganini bayon etdi. Sud ayblanuvchi J.Odamboyevning bayonotini ham tingladi. Unga ko‘ra, tergov organi xodimi uning xizmat xonasida tintuv o‘tkazgan, bu tadbir nima maqsadda amalga oshirilayotganini ma’lum qilmagan. Hojiboyevlar xonadonining novvosi yo‘qolgani haqidagi xabarni esa tintuvdan so‘ng mahalla fuqarolar yig‘ini raisidan eshitgan. Shu voqeadan keyin jinoyat ishi ochilib, tezkor vakil va profilaktika nozirini sodir bo‘lgan o‘g‘irlikni yashirishda ayblashgan va basharti qilmishidan tonsa, o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan “garov” ehtiyot chorasini qamoqqa olish tarzidagi choraga o‘zgartirish bilan tahdid qilishgan, hatto bu niyatini amalga oshirish uchun xonasiga konvoylik xizmati xodimlarini ham chaqirtirishgan. Oqibatda tergovchi tomonidan yozilgan tushuntirish xatlarini imzolashdan bo‘lak iloji qolmagan.

Jabrlanuvchi J.Hojiboyev ta’bir joiz bo‘lsa, sudda yanada shov-shuvli tarzda ko‘rsatma berdi. Uning aytishicha, hamma yoqda “o‘g‘irlandi”, deya ovoza qilingan o‘sha do‘ng peshonasi, dumi va oyoqlari oqimtir, tanasi esa qoramtir bo‘lgan bir yarim yashar novvosi aslida o‘g‘irlanmagan, ipi yechilgani bois, noma’lum tomonga ketib qolgan. Mol yo‘qolgani haqida hech kimga, jumladan “osoyishtalik posbonlari”ga ham xabar berishmagan, hech kimdan madad so‘rashmagan. Shu orada ho‘kizning ham daragi chiqqan, uni bir necha chaqirim naridagi Mang‘it kanali sohillaridan topib keltirishgan. Ushbu voqeadan so‘ng oradan ko‘p o‘tmay, tuman prokuraturasi xodimlari Hojiboyevlar xonadoniga kelishgan. So‘ngra ota-bolani ushbu mahkamaga olib ketishgan va 5-6 soat mobaynida tergov qilib, ho‘kiz o‘g‘irlangani haqida ariza yozish hamda shu ish yuzasidan ko‘rsatma berishni aldov-avrov yo‘li bilan talab qilishgan. Ariza bor-yo‘g‘i rasmiyatchilik uchun, undan hech kim aziyat chekmaydi, jinoyatni qayd qilamiz, xolos. Siz esa xotirjam yashayverasiz, deya ishontirishgan. Ho‘kiz egalarining mol o‘g‘irlanmagani, balki yo‘qolgani, oradan 4 kun o‘tgach topib kelingani va hozir uyda asralayotgani, uni bemalol borib ko‘rish mumkinligi haqidagi iddaolariga hech kim quloq tutmagan. Pirovardida, ichki ishlar xodimlarini ayblash hamda jinoyat ishi qo‘zg‘atish uchun asosiy dastakka aylangan mash’um ariza va tergov xodimining aytgani bo‘yicha yozilgan ajabtovur ko‘rsatma ana shu tariqa paydo bo‘lgan. Xonadon egalarini keyinchalik tergov-tushuntirish va guvohlik uchun uzoq qishloq va tuman markazi orasida zir yugurishga, asablarining qaqshashiga olib kelgan bu voqealar bir necha oy uzluksiz davom etgan. Bundan zada bo‘lgan arzgo‘y-jabrlanuvchilar axiyri, haqiqatni qaror topdirish, behuda ovoragarchilik va asabbuzarliklarga chek qo‘yish maqsadida, yuqori mahkamalarga murojaat qilishgan. Tergov taraf esa, “ho‘kiz o‘g‘irligi” bilan bog‘liq holatlarni jinoyatni “qasddan yashirish” sifatida ko‘rib, uni qat’iyat bilan tekshirish va o‘rganishda davom etgan. Jabrlanuvchilar molimiz o‘g‘irlanmagan, shu boiski ichki ishlar xodimlariga na yozma, na og‘zaki tarzda xabar bermaganmiz, boz ustiga molimiz topilgan, uni o‘zimiz izlab, o‘zimiz topganmiz. Hozir uyda bog‘liq turibdi, deya qilgan iltijolari baribir inobatga olinmagan. Aksincha, har ikki tomonga ham tazyiq va tahdid kuchaytirilgan. Mash’um ariza va bayonnomalar ostidagi imzolar, so‘roqqa oid videotasvirlar garchi noxolis usullar yordamida olingan bo‘lsa-da, ularni dastaklashda davom etilgan. Jabrlanuvchi J.Hojiboyevning ta’kidlashicha, ota-bolani hatto, tuman hokimiga aytib, yeridan ham, fermer xo‘jaligidan ham mahrum etish, o‘zlarini esa eng og‘ir jazoga ro‘para qilish, mol-mulkini xatlash bilan qo‘rqitishgan. Sudda guvoh maqomida qatnashgan M. Hojiboyev o‘g‘lining bu ko‘rsatmalarini to‘la tasdiqladi.

Sud jabrdiydalar bergan ko‘rsatmalarga inonmasligi mumkin edi... Biroq ushbu ishda ota-boladan tashqari yana o‘ndan ziyod guvoh va xolis, chunonchi mahalla jamoatchilik tuzilmasi rahbari o‘.Rajabov, mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Hayitboyev, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari — X.Jonibekov, B.Sobirov, YU.Ahmedov, B.Yo‘ldoshev, fuqarolar — D.o‘oyibova, M.Yangiboyevning ko‘rsatmalari ham tinglandi. Ularning bari deyarli bir xil mazmunda ko‘rsatma berdilar. Guvoh o‘.Rajabov Hojiboyev oilasining moli o‘g‘irlangani haqida tergov xodimining zug‘umi va dag‘dag‘asi ostida ko‘rsatma berishga majbur bo‘lgani, o‘zi yozib, imzolagan tushuntirish xatini aslida tergovchining og‘zidan chiqqan so‘zlar asosida bitgani, o‘z ko‘rgani, bilgani, eshitgani xususida aytishga ham, yozishga ham izn berishmagani, o‘zlari xohlagan ko‘rsatmani olish uchun tahdid va tazyiqqa tayanishgani, qamoq, qiynoqlar bilan qo‘rqitishgani, oqibatda tergovchining zo‘ravonlikka qaratilgan xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, viloyat prokuraturasiga shikoyat-arizasi bilan murojaat qilgani, ammo unga hech kim javob bermagani, turli do‘q-po‘pisalar asosida muqaddam, tergov xodimining aytgani bo‘yicha yozgan va imzolagan ko‘rsatmalari aslida sudlanuvchilarga nisbatan bo‘hton ekanligini ta’kidlab, haqiqatdan yiroq bunday soxta dalillarni emas, suddagi guvohligini inobatga olishni so‘radi. Sudda guvohlik bergan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi R.Hayitboyev ham tergovga bergan ko‘rsatmalarini o‘z xohish-irodasi bilan emas, balki bu ishni o‘ylab topganlarning zug‘umi ostida qog‘ozga bitganini ma’lum qildi.

Sudda tergov organi vakillari — D.Davlatov, J.Qurbonov, M.Jumaniyozov, D.Sultonov ham guvohlik berib, ayblov tarafning ro‘y bergan voqeaga nisbatan qarashini so‘zlarida sobit turgan holda himoya qildilar. Sudga havola etilgan fakt va dalillarning to‘g‘ri va asosli ekanini ta’kidladilar. Ularga ko‘ra, surishtiruv jarayonida jabrlanuvchi va guvohlarning huquq va majburiyatlariga to‘la rioya qilingan. So‘rov jarayonlari video tasvirlarda o‘zining aniq-ravshan aksini topgan, rasmiylashtirilgan bayonnomalar esa so‘ralayotgan shaxsning ko‘rsatmalari asosida yozilib, keyin imzo qo‘ydirilgan, unda tergovga jalb etilgan shaxslarning advokatlari ham qatnashgan. Guvohlardan D.Boltaboyev, M.Hasanov ho‘kiz yo‘qolgan paytda ichki ishlar xodimi libosidagi bir necha kishi qushxona va uning yaqinida joylashgan fermer xo‘jaligiga kelib, bedarak ketgan mol xususida surishtiruv o‘tkazganini bildirdilar.

... Sud majlisida fikri tinglangan ko‘pchilik guvohlar Hojiboyevlar xonadoniga qarashli novvos chindan ham o‘g‘irlanmaganini aytishdi. Binobarin, jinoyat ishiga tirkalgan aksariyat fakt va dalillar ham aynan shu holat — ko‘pchilikning fikrini ifodalaydi. Shunday ekan, o‘g‘irlanmagan mol uchun kimlarnidir ayblash va jinoyat ishi ochish kerakmidi? Bu ish xuddi qorong‘u uyga kesak otishga o‘xshaydi. Natijada, beayb kishilarning “burni qonashiga”oz qoldi. Mash’um jinoyat ishi uchun asosiy dastak — ho‘kiz o‘g‘irligi voqeasi aslida ro‘y bermagani, jabrlanuvchi va ayblanuvchilar bu ish yuzasidan biron-bir joyga arz qilib borishmagani, ayrim shaxslarning xatti-harakatlari yuzasidangina norozilik bildirishgani ham ro‘y-rost yuzaga chiqdi. Adolat tarozusini adl tortgan sud esa qonun talabiga muvofiq ish tutdi. Ayb tasdiqlanmadi. Nohaq va bemavrid qo‘zg‘atilgan ishning jilla bo‘lmasa qurboniga aylanayozgan kishilar aybsiz bo‘lib chiqdi. Tergovda ham, sudda ham bartaraf etilmagan bir qator shubha-gumonlar esa qonun talabiga muvofiq jabrlanuvchi va sudlanuvchilar foydasiga hal etildi.

Shu o‘rinda atoqli adib, mashhur yozuvchimiz Abdulla Qahhorning “O‘g‘ri” hikoyasi yodga tushadi. Unda ham ola ho‘kiz yo‘qolib qoladi. “Yo‘qolmasidan ilgari bormidi?” — deydi amaldor Amin. “Yaxshi ho‘kizmidi yo yomon ho‘kizmidi?”

Zotan, ushbu «jinoyat ishi» ham boshdan oyoq spektakl, o‘yindan iborat ekani kunday ravshan. Nazarimizda, sudlovning eng katta kamchiligi ham ana shunda. Shu munosabat bilan barcha ishtirokchilarga bitta savolimiz bor: “ho‘kiz o‘yini”dan maqsad nima edi? Bu savolga Xorazm viloyat, Yangibozor tumani huquq-tartibot tizimi mutasaddilari nima deb javob berishar ekan?

 

Olimboy MASHARIPOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva shahar sudi raisi,

 

Abdulla SOBIROV,

jurnalist.

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!