Hududlarda ilk bor chuqur joylashgan bosh miya o‘smalarini mikroskop orqali olib tashlash yo‘lga qo‘yildi

📌So‘nggi yillarda yurtimiz tibbiyoti, jumladan, neyroxirurgiya sohasi jadal rivojlanib bormoqda.
🏢Ayniqsa, ushbu xizmatning viloyatlarda vertikal tizimining yo‘lga qo‘yilishi, joylarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarining o‘tkazilishi va tibbiyot muassasalari eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi aholiga mazkur yo‘nalishda yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatilishiga zamin yaratmoqda.
🔬Qolaversa, bugungi kunda yosh neyroxirurglarning xorijda malaka oshirishi faol qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu esa ularga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib, keyinchalik o‘z tajribalarini mamlakatimiz tibbiyotiga tatbiq etish va kasbiy mahoratini oshirishga xizmat qilayotir.
— 2023 yil markaz amaliyotiga 3 turdagi, viloyat darajasida 11 turdagi yangi jarrohlik va diagnostika usullari tatbiq qilindi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan neyroxirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori G‘ayrat Kariyev.
🖇 Misol uchun, hududlarda ilk bor kranioservikal o‘tishning dekompressiyasi, chuqur joylashgan bosh miya o‘smalarini mikroskop yordamida olib tashlash, umurtqa pog‘onasi jarohatida yangi stabilizasiya vositalarini qo‘llash, umurtqa oldi plastinalarini o‘rnatish usullari, bolalarda miyada suv yig‘ilishini bartaraf etish kabi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi.
👨⚕️2022 yil markazning 5 nafar mutaxassisi xorijda yuqori texnologik amaliyotlar uchun qayta tayyorlangan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida dunyoning yetakchi klinikalarida 10 nafar o‘zbek shifokori o‘z kasbiy mahoratini oshirib qaytdi. Qolaversa, bu yil ko‘plab xorijlik neyroxirurglar yurtimizga tashrif buyurib, mahalliy mutaxassislar bilan birgalikda operasiyalar va mahorat darslarida ishtirok etdi.
❇️ Aytish lozim, so‘nggi yillarda markazda bajarilayotgan jarrohlik amaliyotlari soni ortib, 2021 yilda 11 460 ta, 2022 yilda 12 277 tani tashkil etdi. Bundan tashqari, oxirgi 5-6 yil ichida 9 ta yangi jarrohlik operasiyalari o‘zlashtirildi.
🔴 Epilepsiya, bosh miya falaji, insultni oldini olish va o‘tkir davrida davolash, bolalarda retinoblastoma kabi onkologik kasalligini qon tomir orqali ximioterapiya qilish, bosh miya o‘smalarini bemorlarni uyg‘oq holatida o‘tkazish kabi murakkab operasiyalar shular jumlasidan.
‼️Bu esa yurtimizda neyroxirurgiya yordami sifatining sezilarli darajada yaxshilanishiga xizmat qilayotir.