Harbiy shifokorlarimiz AQSh Qurolli Kuchlari tibbiyot xodimlari bilan o‘zaro tajriba almashdi
Shuningdek, harbiy xizmatchilarning shaxsiy tibbiy vositalari, favqulodda vaziyatlarda ko‘p miqdordagi yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni saralash borasidagi mavzular yuzasidan ham fikrlar almashildi.
Bu xaqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari hamda AQSh Qurolli Kuchlari hamkorligida tasdiqlangan rejaga asosan o‘tkazilgan seminarda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tibbiy ta’minot boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi, Markaziy harbiy klinik gospital hamda harbiy qismlar tibbiyot xizmati ofiser va serjantlari ishtirok etdi.
AQSh Qurolli Kuchlari delegasiyasi rahbari tibbiyot xizmati polkovnigi Alan Chembers va delegasiya a’zolari tibbiyot xizmati podpolkovnigi Bredli Rittenxous, tibbiyot xizmati kapitani Keri Reopas hamda Cheff Kerrovislardan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida oddiy askar va o‘rta tibbiyot xodimlari ko‘rsatadigan birinchi va vrachgacha tibbiy yordam hajmi, jang maydonida yaradorlarga reanimasion yordam ko‘rsatish, aviatibbiy evakuasiya, kuygan yaradorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish va bunda qo‘llaniladigan dori vositalari hamda reabilitasiya jarayonlari, AQSh harbiy xizmatchilarining shaxsiy tibbiy vositalari va ulardan foydalanish tartibi, saqlanishi haqida ma’ruzalar qilindi, prezentasiyalar namoyish etildi.
Markaziy harbiy klinik gospital qon tayyorlash markazi boshlig‘i, tibbiyot xizmati podpolkovnigi Z. Ibragimovning qon ta’minotini tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzasi ham qiziqish bilan qarshi olindi.
Seminar savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Seminar yakunida mehmonlar uchun Qurolli Kuchlar akademiyasi muzeyiga ekskursiya tashkillashtirildi.
