Germaniya va Fransiya Yevropani qutqarish rejasini tayyorladi

A A A
Germaniya va Fransiya Yevropani qutqarish rejasini tayyorladi

Germaniya kansleri Angela Merkel va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron koronavirus pandemiyasi fonida Yevropani qutqarish rejasini tayyorladilar. Birgalikdagi tashabbus Yevropa iqtisodiyotini tiklash uchun 500 milliard yevro miqdoridagi fondni yaratishni o‘z ichiga oladi, deya xabar beradi Spiegel ikkala mamlakat hukumatlari tomonidan qabul qilingan hujjatga tayanib.

Unda aytilishicha, jamg‘armaning maqsadi iqtisodiyotning eng ko‘p zarar ko‘rgan tarmoqlarini fond byudjeti hisobidan qo‘llab-quvvatlashdir. Bunday holda, birinchi navbatda, investisiyalar atrof-muhit va raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilishi kerak.

Ta’kidlanishicha, fondning yordami ma’lum vaqtgacha mavjud bo‘ladi. Dastur barcha Yevropa Ittifoqi davlatlari tomonidan bir ovozdan ma’qullanishi kerak.

Merkelning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya va Germaniyaning qo‘shma hamkorligi Yevropa Ittifoqidagi birlikni ta’minlaydi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirgi sharoitda uyushmaning yaxlitligi xavf ostida, chunki pandemiya a’zo davlatlarga turli darajada salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Aprel oyining oxirida Yevropa Komissiyasi pandemiya sharoitida Yevropa Ittifoqini iqtisodiy inqirozdan chiqarish uchun ikki trillion yevrolik reja tayyorlagandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!