G‘azoliklar qaytdi, lekin ular qanday yashayapti, ularning ahvoli qanday?

G‘azoda minglab odamlar sovuq, bo‘ronli ob-havoda chodirlarda yashashga majbur bo‘lmoqda. Kuchli shamol va yomg‘ir G‘azo sektorini qamrab olganida, ko‘chirilgan falastinliklar vaqtinchalik chodir shaharchalarda azob chekmoqda.
Kuchli shamollar, yomg‘ir va qish G‘azodagi minglab falastinliklarning azob-uqubatlarini yanada kuchaytirmoqda. Isroilning qirg‘oq hududiga hujumi natijasida uylari vayron bo‘lgan minglab oilalar eski chodirlarda yashashga majbur bo‘lmoqda.
O‘tgan oyda tinchlik kelishuvi kuchga kirganidan so‘ng yuz minglab falastinliklar G‘azoning shimoliy qismiga qaytib keldi. Bu Isroilning hududga qarshi 15 oylik hujumini to‘xtatdi. Biroq, ko‘pchilik odamlar uylariga qaytib kelganda, ularning butunlay vayron bo‘lgani yoki jiddiy shikastlanganini ko‘rishdi.
Shundan beri oilalar qamal qilingan hudud bo‘ylab vayronalar va xarobalar orasida boshpana topishga qiynalishmoqda.
G‘azo shahri munisipaliteti vakili Al Jazeera telekanaliga bo‘ron paytida ko‘chirilgan aholiga yordam ko‘rsatish uchun shaharda yetarli mablag‘ yo‘qligini, oqova va yomg‘ir suvlari yuzlab chodir va boshpanalarga kirib qolganini ma’lum qildi.
Mahmud Riyod Xalil al-Fayoumi G‘azo shahridagi maktab hovlisida joylashgan vaqtinchalik qo‘nalgadan Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida yana uchta oila bilan birga chodirda yashayotganini aytdi.
"Ko‘rpalar juda nam," - dedi al-Fayoumi, og‘ir ob-havo sharoiti tufayli ikki oylik chaqalog‘i va orqa miyasi shikastlangan ukasini boshqalar bilan qoldirishga majbur bo‘lganini tushuntirib.
"Nima qilishimizni bilmaymiz. Qayerga borishimizni ham bilmaymiz. Bu yerda bizning ahvolimiz ana shunday".
G‘azo shahridan xabar bergan "Al Jazeera" telekanali muxbiri Hani Mahmudning aytishicha, kuchli yomg‘ir va shamol ko‘plab falastinliklarni shaharning g‘arbiy qismidagi vaqtinchalik qo‘nalgani tark etishga majbur qilgan.
Issiq kiyim-kechak kabi asosiy ehtiyoj mollari ham yetarli emas, bu esa vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda.
"Hozir bu yerdagi odamlar nafaqat boshpanaga, balki ularga biroz issiqlik beradigan va bu dahshatli ob-havo sharoitlaridan himoya qiladigan eng zarur narsalarga ham muhtoj," - dedi Mahmud.
BMT Gumanitar masalalar bo‘yicha boshqarmasining (OCHA) chorshanba kungi so‘nggi ma’lumotiga ko‘ra, G‘azo va Shimoliy G‘azo viloyatlariga 500 mingdan ortiq aholi qaytayotgani sababli, "bu hududlarda oziq-ovqat, suv, chodir va boshpana materiallariga bo‘lgan ehtiyoj hamon juda dolzarb bo‘lib qolmoqda".
19 yanvardan beri o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilgach, gumanitar yordam yetkazib berish hajmi oshgan bo‘lsa-da, boshpana bilan ta’minlash yordami cheklangan darajada qolmoqda.
Hafta boshida G‘azo hukumatining Matbuot xizmati Isroilni hududga yordam va boshpanalar yetkazilishini cheklashda aybladi.
"Boshpanalar bilan ta’minlash kechiktirib bo‘lmaydigan shoshilinch gumanitar ehtiyojga aylandi. Bu ayni paytda eng muhim masaladir," - deyiladi ularning hafta boshidagi bayonotida.