G‘azodan tibbiy evakuasiya kuchaytirilishi kerak — JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) G‘azodagi bosh vakili urushdan vayron bo‘lgan hududni tark etishga ruxsat berilgan bemorlar soni yetarli emasligini ta’kidladi, chunki minglab odamlar hayotni saqlab qoluvchi tibbiy yordamga muhtoj.
"Rafah orqali Misrga o‘tadigan bemorlar soni ko‘paytirilishi kerak, shu bilan birga biz boshqa tibbiy yo‘nalishlarni ham ochishni istaymiz," - dedi Rik Piperkorn G‘azo sektoridan o‘tkazilgan videoqo‘ng‘iroqda jurnalistlarga.
"Biz G‘arbiy Qirg‘oq va Sharqiy Quddusga an’anaviy yo‘nalishni qayta tiklashni juda xohlaymiz. Sharqiy Quddus va G‘arbiy Qirg‘oqdagi shifoxonalar bemorlarni qabul qilishga tayyor," - deya qo‘shimcha qildi u.
O‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga ko‘ra, Rafah orqali G‘azodan kuniga 50 nafargacha falastinlik bemor va ularning hamrohlarini evakuasiya qilish mumkin.
Piperkornning aytishicha, bu raqamlarni oshirish kerak, chunki hali ham 12 mingdan 14 minggacha bemor evakuasiyaga muhtoj bo‘lib qolmoqda, ular orasida kamida 5 ming nafar bola bor.