Gaitidagi suv toshqinlari oqibatida 50 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Gaitidagi suv toshqinlari oqibatida 50 ga yaqin odam halok bo‘ldi

Gaitida dam olish kunlari davom etgan kuchli yomg‘irlar oqibatida minglab uylar suv ostida qoldi, 42 kishi halok bo‘ldi, yana 85 kishi jarohatlandi, deya xabar beradi CNN.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli yomg‘ir oqibatida Gaiti bo‘ylab bir nechta daryolarda suv toshgan, bu esa o‘z navbatida ko‘chkilarga olib kelgan.

Suv toshqinlari oqibatida 13300 dan ortiq kishi uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Gaitining 10 ta departamentidan beshtasi: G‘arbiy, Nippes, Janubi-Sharqiy, Shimoliy-G‘arbiy va Markaziy departamentlarda yana 11 kishi bedarak yo‘qolgan.

«Hukumat milliy va xalqaro institutlar bilan birgalikda vaziyatni hal etish uchun shoshilinch choralar ko‘ryapti», – deb yozdi Gaiti Bosh vaziri Ariel Anri Twitterda.

Dushanba kuni davom etayotgan kuchli yomg‘ir tufayli qurbonlar soni yana ortgan.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish guruhlari va yordam tashkilotlari toshqindan jabrlanganlarga yordam berish uchun safarbar etilgan.

«Yaqin soatlarda uysiz odamlarni issiq ovqat bilan ta’minlashni boshlaymiz, hamda tayyor rasion va quruq oziq-ovqatlarni safarbar etamiz», — deyiladi Jahon oziq-ovqat dasturi bayonotida.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!