Gaiti va Yamaykadagi suv toshqinlari qurbonlari soni 75 kishiga yetdi
Gaiti va Yamaykada “Melissa” to‘foni oqibatida sodir bo‘lgan suv toshqinlari natijasida halok bo‘lganlar soni 75 nafarga yetdi.
Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, oktyabr oyi oxirida Gaiti, Yamayka va Kubani qamrab olgan “Melissa” to‘foni ko‘plab qurbonlar va vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan.
Gaiti fuqarolik mudofaa boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 43 kishi halok bo‘lgan, 7 kishi bedarak yo‘qolgan.
Idoraning ta’kidlashicha, 11 952 ta uy suv ostida qolgan, 176 tasi butunlay vayron bo‘lgan, yana 4 257 tasi turli darajada zarar ko‘rgan.
Yamayka bosh vaziri Endryu Xolness jurnalistlarga ma’lum qilishicha, mamlakatda 32 kishi halok bo‘lgani tasdiqlangan, umumiy moddiy zarar esa 6–7 milliard dollarga baholanmoqda.
“Bu nafaqat insonparvarlik inqirozi, balki tirikchilik, daromad darajasi va mahalliy iqtisodiyot uchun ham jiddiy zarba. Biz misli ko‘rilmagan falokatni boshdan kechirmoqdamiz. Sen-Tomas, Sen-Elizabet, Vestmorlend, Sen-Djeyms, Treloni va Sen-Enn kabi sayyohlik hududlari — mamlakatimiz yuragi — qattiq ta’sir ko‘rsatdi”, — dedi Xolness.
Kubadagi qurbonlar soni hozircha ma’lum qilinmagan. Biroq BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, Granma, Sant’yago-de-Kuba, Olgin va Guantanamo provinsiyalarida 2,2 millionga yaqin odam bo‘rondan jabr ko‘rgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Kubadagi 60 mingga yaqin uy, shuningdek, 461 ta tibbiyot muassasasi va 1 552 ta maktabda turli darajada zarar qayd etilgan.
