Fransiya sobiq bosh vaziri rafiqasini soxta ishga joylashtirgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Fransiya sobiq bosh vaziri rafiqasini soxta ishga joylashtirgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Fransiyaning sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon davlat mablag‘larini talon-toroj qilgani uchun besh yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Sobiq siyosatchining rafiqasi Penelopa Fiyon sherik sifatida uch yilga shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, ularning har biri 375 ming yevro jarimaga tortildi.

1998 yildan 2013 yilgacha Fransua Fiyonning rafiqasi va ikki farzandi uning yordamchisi, shu jumladan,  Fransiya Milliy assambleyasi deputati sifatida ishlagan. Amalda esa ular hech qanday ish bajarmagan. Shu tariqa oila 1,08 million yevroni qo‘lga kiritgan.

Jarimadan tashqari, ular yolg‘on yo‘l bilan olingan pullarni qaytarishi kerak bo‘ladi. Shuningdek, Fransua Fiyonga 10 yil davomida saylanadigan lavozimni egallash ham taqiqlandi.

Ma’lum qilinishicha, sud Fiyonlarni hibsga olishga order bermagan va ular sud zalini tark etgan. Ularning advokatlari sud qarori ustidan shikoyat qiladi.

Fransua Fiyonga nisbatan ayblov 2017 yilning mart oyida, Fransiyada prezidentlik saylovi kampaniyasi davom etayotgan paytda e’lon qilingan. Fiyon o‘nglar va markazchilardan nomzod bo‘lgan, u prezidentlik poygasida favorit sifatida ko‘rilgan. U tergov ketayotgan bo‘lsa ham saylovda ishtirok etishdan bosh tortmagan.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!