Fransiya musulmon bolalarini ta’limdan mahrum qilmoqda: «Al-Kindi» maktabi yopildi

Lyon chekkasida joylashgan xususiy musulmon maktabi «Al-Kindi» yopilish arafasida. Fransiya hukumati uning davlat bilan tuzilgan shartnomasini bekor qildi va moliyalashtirishni to‘xtatdi. Natijada, 600 dan ortiq o‘quvchi ta’lim olish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi, 30 nafar o‘qituvchi esa ish haqisiz qolishi mumkin.
10 yanvar kuni prefekt Fabiyen Buchchio maktabning yopilishiga sabab sifatida «ta’lim va ma’muriy boshqaruvdagi buzilishlar» hamda «Respublika qadriyatlariga zid harakatlar» borligini ko‘rsatdi.
Maktab kutubxonasida ikki dona «radikal» deb baholangan kitob topilgan, shuningdek, o‘qituvchilardan biri You Tube'dagi chiqishlari bilan bahs-munozara uyg‘otgan.
💬 «Bu buzilishlar "Al-Kindi" maktabining "Musulmon birodarlar" harakati g‘oyalari bilan yaqinligini ko‘rsatadi, bu esa Respublikamiz qadriyatlariga zid», — deyiladi prefektura bayonotida.
O‘tgan yili xuddi shunday qaror bilan Lill shahridagi «Averroes» musulmon maktabining davlat yordami bekor qilingan edi. Sudga murojaatlarga qaramay, maktab o‘qish narxini ikki baravar oshirishga majbur bo‘ldi, natijada o‘quvchilarning yarmi ketib qoldi.
Fransiyada musulmonlar soni 6,8 million (aholining 10%) bo‘lsada, atigi 127 musulmon maktabidan 10 tasi davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Taqqoslash uchun, 7045 ta katolik maktabi davlat yordami bilan faoliyat yuritib, 2 million o‘quvchiga ta’lim bermoqda.
«Katolik maktablarini 15 yilda bir marta tekshirishadi, musulmon maktablarini esa har yili», — deydi «Al-Kindi» maktabi direktori Abdeluaxab Bakli.
Maktab ma’muriyati moliyaviy yordam yig‘ish kampaniyasini boshladi va allaqachon 255 ming yevro to‘pladi. Ekspertlar bunday siyosat noqonuniy ta’lim muassasalarining ko‘payishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.