"Fotoshop": Buxoroda ayolning fotosuratlariga qayta ishlov berib, tarqatmoqchi bo‘lgan kibertovlamachi qo‘lga olindi

Ayolning fotosuratlariga maxsus dastur yordamida qayta ishlov berib, tarqatish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan kibertovlamachi qo‘lga olindi
————
Buxoro viloyati, Kogon tumanida yashovchi 35 yoshli (ayol) K.Z. ariza bilan murojaat qilib, “Telegram” messenjerida “!!!??” nomli profil egasi, K.Z.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlarini internet ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganligini ma’lum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Buxoro viloyati, Kogon tumanida yashovchi 19 yoshli talaba T.B. sodir etganligi aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan T.B., K.Z. bilan “Telegram” messenjerida “!!!??” profili orqali yozib, mo‘maygina pul ishlash maqsadida K.Z.ning profilidagi fotosuratlariga maxsus dastur yordamida qayta ishlov berib, yalang‘och holdagi behayo fotosuratlari borligini aytib, ushbu behayo fotosuratlarini ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib, sharmanda qilish bilan uni qo‘rqitib, fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yubormaslik evaziga undan 200 AQSh dollari miqdorida pul talab qilib, “xxx” nomli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchasi yaqinidagi bekat oldida, tezkor tadbir davomida pul talab qilgan T.B.ga taqdim qilish uchun berilgan 2.500.000 so‘m pullarni K.Z.dan olgan vaqtida, daliliy ashyolar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, T.B.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
🟥Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.