Farg‘onadagi YTH qurbonlari soni ortdi

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi “Mehnatobod” mahallasida Damas va Isuzu ishtirokida YTH sodir bo‘lgani, natijada ikki ayol voqea joyida vafot etgani xabar berilgandi. “Daryo” manbasining ma’lumot berishicha, qurbonlar soni yana ikki kishiga ortgan.
Shifoxonada vafot etganlar maktab o‘quvchilari hisoblanadi.
Manbaning qo‘shimcha qilishicha, marhumalar Uchko‘prik tumanidagi 7-sonli umumta’lim maktabining 2 nafar bitiruvchi sinf qizlari bo‘lgan.
Avvalroq viloyat IIB axborot xizmati rahbari Ismoil Sharipov 21 noyabr kuni soat 08:20 larda sodir bo‘lgan YTHda Damas yo‘lovchilari — 35 va 36 yoshli ayollar vafot etganini ochiqlagandi. Unga ko‘ra, yana 4 nafar shaxs tan jarohati olib, davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgandi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan SH.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga olib kelsa) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.