Farg‘onada mashinasining yonilg‘i bakida narkotik va psixotrop vositalarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
Tojikistondan Farg‘onaga mashina yonilg‘i bakida taqiqlangan moddalarni o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, “Ravot” chegara bojxona postida qo‘shni davlatdan kirib kelgan fuqaro boshqaruvidagi Lacetti belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan va uning yonilg‘i bakida shubhali jismlar aniqlangan.
Foto: Bojxona matbuot xizmati
Shundan so‘ng bak ochib ko‘rilganida, uning ichiga 6 945 dona Royal nomli kuchli ta’sir qiluvchi dorilar hamda 3 turdagi, 10 kilo 739 gramm gashish, 412 gramm marixuana va 35 gramm opiy, jami, 11 kilo 186 grammga teng giyohvandlik vositalari topildi.
Foto: Bojxona matbuot xizmati
Surishtiruvlar davomida haydovchi tojikistonlik shaxsning buyurtmasiga binoan, 2 ming dollar evaziga mazkur giyohvandlik vositalarini bojxona chegaralaridan olib o‘tishi va o‘z uyidagi bog‘ga ko‘mib qo‘yishi, keyinchalik tojikistonlik fuqaroning o‘zi ularni olib ketishi rejalashtirilgani ma’lum bo‘ldi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 246-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘tgan yil davomida 1,8 tonnadan ziyod giyohvandlik vositalari, shu jumladan, sintetik narkotik moddalarning bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishi va ichki hududdagi yashirin aylanmasiga chek qo‘yilgan.


