Falastinlik bolalar sovuqdan halok bo‘lmoqda
G‘azo sektorida sovuq havo va eng zarur sharoitlarning yo‘qligi sabab yana bir necha falastinlik bola hayotdan ko‘z yumdi.
G‘azo sektorida kuchli sovuq va munosib boshpana yo‘qligi fonida bolalar o‘limi qayd etilmoqda. «Ash-Shifa» shifoxonasi ma’lum qilishicha, to‘qqiz yoshli falastinalik qizaloq Hedil Hamede halok bo‘lgan. Isroil hujumlaridan so‘ng u boshpana markaziga aylantirilgan maktab binosida yashab kelayotgan edi. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, bola qattiq sovuq va noqulay ob-havo sharoitlari sabab vafot etgan.
Shuningdek, Teym al-Xavaja ismli chaqaloq ham sovuq urishi natijasida halok bo‘lgan. U oilasi bilan G‘azo shahri g‘arbida joylashgan Ash-Shati qochqinlar lagerisida bo‘lgan. Shu tariqa, 10 dekabrdan beri mintaqani qamrab olgan sovuq to‘lqini sabab halok bo‘lgan bolalar soni kamida uch nafarga yetdi.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh direktori Munir al-Bursh avvalroq sektor janubidagi Xon-Yunus shahrida yana bir chaqaloq halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bola isroil zarbalari ortidan oilasi panoh topgan, suv bosgan chodirda bo‘lgan.
Uchinchi kun davom etayotgan «Bayron» nomli arktik bo‘ron G‘azo sektoridagi gumanitar inqirozni yanada og‘irlashtirmoqda. Kuchli yomg‘ir, shamol va haroratning keskin pasayishi natijasida minglab chodirlar suv ostida qolgan. Ularda qariyb ikki yil davom etgan isroil hujumlari oqibatlaridan qochgan ko‘chirilgan aholi jon saqlashga urinayotgan edi.
Bundan tashqari, G‘azo sektori shimolidagi Jabaliya shahrida avval isroil bombardimonlari natijasida shikastlangan bino qulagan. Fuqaro mudofaasi boshqarmasi ma’lum qilishicha, fojea kuchli bo‘ron va yomg‘irlar sabab Bir an-Nadja hududida sodir bo‘lgan. Qulagan binodan Bedran oilasi a’zolari qolib ketgan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qolgan olti nafar halok bo‘lganning jasadini olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan.
