Evropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning «soya flotiga» qarshi huquqiy asos yaratish ustida ishlamoqda

Politico nashrining xabar berishicha, bu masala Finlyandiyada dekabr oyida Eagle S kemasining qo‘lga olinishi ortidan muhokama qilina boshlandi. Sankt-Peterburgdan 100 000 barrel neft olib ketayotgan bu tanker Finlyandiya va Estoniya orasidagi suv osti kabeliga zarar yetkazishda gumon qilinmoqda.
Evropa Ittifoqi diplomatlari va rasmiylari xalqaro huquq normalaridan foydalangan holda Boltiq dengizida Rossiya kemalarini ushlab turish imkonini beruvchi qonunchilik choralarini ishlab chiqmoqda.
Rossiya kemalariga qo‘yilayotgan asosiy ayblovlar quyidagilardan iborat:
qaroqchilik,
ekologik tahdidlar,
diversiya harakatlari (masalan, suv osti kabeliga shikast yetkazish).
Bu harakatlar jiddiy iqtisodiy yo‘qotishlarga, kemalar harakati xavfsizligiga tahdidlarga va ekologik falokatlarga olib kelishi mumkin.
Biroq dengiz huquqi bo‘yicha mutaxassislar yangi tashabbuslar huquqiy to‘siqlarga duch kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda, bu esa Rossiya tankerlarini hibsga olishni murakkablashtiradi. Agar Yevropa Ittifoqining umumiy choralari natija bermasa, ayrim davlatlar xalqaro suv hududida kemalar harakatini cheklashga qaratilgan milliy qonunlarni qabul qilishi mumkin.
«Biz butun dengizni to‘sib qo‘ya olmaymiz, lekin nazoratni kuchaytira olamiz», — dedi Estoniya tashqi ishlar vaziri Margus Tsahkna.
📍 2022 yilda Rossiya neftiga embargo joriy etilgach, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o‘tish usullarini topganini kuzatdi. Rossiya bu maqsadda eski tankerlardan iborat «soya flotini» shakllantirdi. Hozirda bu flot jahon neft bozorining 17 foizini tashkil qiladi.