Evropa davlatlari yashirin ravishda Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasini ishlab chiqmoqda – Associated Press

"Bir necha Yevropa davlatlari Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik kelishuvining bajarilishini ta’minlashga yordam berish maqsadida Ukrainaga harbiy qo‘shin yuborish rejasini yashirincha muhokama qilmoqda. Buyuk Britaniya va Fransiya bu boradagi harakatlarning yetakchi qatorida turibdi, biroq tafsilotlar hozircha kam, chunki bu davlatlar o‘z rejalarini Putinga oshkor qilishni istamaydi", — deb yozadi AP.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bu masala ustida ish taxminan bir yil avval boshlangan. Biroq hozircha uning qanday amalga oshirilishi aniq emas. Yakuniy reja urushdan keyingi front chizig‘ining qaysi holatda shakllanishiga bog‘liq bo‘ladi.
"Agar Rossiya va Ukraina front chizig‘ida o‘z kuchlarini har ikki tomondan bir necha ming askargacha qisqartirsa, bu holatda Yevropaning ham u yerda bo‘lishi muammo bo‘lmaydi", — deya fikr bildirdi Estoniya mudofaa vaziri Pevkur Myunxen konferensiyasida.
Biroq Yevropa davlatlari ming kilometrlik butun front chizig‘ini nazorat qilishni istamayapti, chunki bu juda ko‘p harbiyni talab qiladi.
Vaziyatni yanada murakkablashtirgan jihatlardan biri – yaqinda Pentagon rahbarining bayonoti bo‘ldi. Unga ko‘ra, AQSh bu tinchlikparvar missiyada ishtirok etmaydi va NATO ham bu missiyani qo‘llab-quvvatlamaydi.
"Ko‘rinib turibdiki, Yevropa davlatlari ko‘p miqdordagi qo‘shin to‘plashda qiyinchilikka duch keladi va katta ehtimol bilan ular buni tezda amalga oshira olmaydi", deya xulosa qiladi AP.