Eslatma! O‘zbekistonliklar bugun tunda noyob hodisaga guvoh bo‘lishadi
16 iyuldan 17 iyulga o‘tar kechasi Oyning qisman tutilishi sodir bo‘ladi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi xabariga ko‘ra, bu tutilish dunyo vaqti bilan soat 21:31 da boshlanadi, bu paytda O‘zbekistonda 17 iyul tungi soat 02:31 bo‘ladi. Mazkur tutilishni mamlakatning barcha hududlarida kuzatish mumkin bo‘ladi.
Xabarda ta’kidlanishicha, Oy mahalliy vaqt 16 iyul kuni soat 23:42 daqiqa o‘tganda yarim soyaga kirishni boshlaydi, 17 iyul tungi 01:00 da soyaga kiradi. Soyadan soat 04:00 da chiqadi, yarim soyadan esa soat 05:19 da chiqadi, ya’ni Oy tutilishi nihoyasiga yetadi.
Quyosh soat 05:04 da chiqadi. Uning maksimal fazasi 0,66 ga yetadi. Yerning tabiiy yo‘ldoshi tutilish paytida yer soyasining janubiy qismidan o‘tadi. Oyda bu vaqtda qisman va to‘la quyosh tutilishi kuzatiladi. Shuningdek, tutilish Janubiy Amerika, Yevropa, Afrika, Osiyo, Avstraliya va Rossiya (Chukotka, Kamchatka va Uzoq Sharq sohillaridan tashqari) hududlarida ham kuzatiladi.
Quyosh tutilishidan farqli ravishda, Oy tutilish davomida ko‘rinib turadi. Oy tutilishning katta fazasida qizil yorug‘lik sochadi va umuman yo‘qolib ketmaydi. Tutilishni oddiy ko‘z bilan ham kuzatish mumkin. Odatda qisman oy tutilishi vaqtida bu hodisani oddiy ko‘zda ilg‘ash qiyin bo‘ladi, shuning uchun sizda durbin yoki ko‘rish trubasi bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki asbob yordamida Oy yuzi yaxshiroq ko‘rinadi va sizga ushbu astronomik hodisadan zavq olishingizga yordam beradi.
Oy tutilishi bu Oy sathiga Yer soyasi tushganda yuz beradigan hodisadir. Bu hodisa Quyosh, Yer va Oyning bir-birlariga nisbatan egallagan vaziyatlariga bog‘liq.