Ertaga Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga boradi

Ertaga Shavkat Mirziyoyev Yaponiyaga boradi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan 17−20 dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe, Parlamentning Maslahatchilar palatasi prezidenti Akiko Santo, Parlamentning Vakillar palatasi spikeri Tadamori Osima, Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Taro Aso bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Tomonlar O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarini, shu jumladan, istiqbolda rivojlantirishning uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qiladilar, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashadilar.

O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya Imperatori Naruxito tomonidan qabul qilinadi.

Tashrif dasturidan Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezidenti Sinichi Kitaoka, yetakchi sanoat va moliya tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmonlik doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya kompaniyalari vakillarini O‘zbekistondagi yirik investisiya loyihalarini amalga oshirishga o‘zaro manfaatli shartlarda jalb qilish masalalarini ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari Yaponiyaning eng muhim iqtisodiy markazlaridan biri — Nagoya shahriga tashrif buyurib, shaharlar va ta’lim muassasalari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish istiqbollarini muhokama qilish uchun Aichi prefekturasi gubernatori Xideaki Omura, shahar meri Takasi Kavamura, Nagoya universiteti rektori Seyichi Masuo bilan uchrashadi.

Muzokaralar natijasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan Yaponiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilinishi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, bojxona, turizm, ilmiy-texnik va boshqa sohalardagi hamkorlikning shartnoma-huquqiy asosini mustahkamlashga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi kutilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!