Eronda xavfli vaziyat: Yomg‘ir yoqmasa, Tehronni evakuasiya qilish kerak bo‘ladi — Prezident Pezeshkiyan
Eron prezidenti Masud Pezeshkiyan mamlakatdagi uzoq davom etayotgan qurg‘oqchilik va suv inqirozi fonida poytaxt Tehronda vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, agar yaqin vaqt ichida yomg‘ir yoqmasa, shaharda suv ta’minoti to‘xtashi va aholini evakuasiya qilish zarurati tug‘ilishi mumkin.
Bu haqda Pezeshkiyan Sanandaj shahriga amaliy tashrifi chog‘ida bildirgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatdagi suv resurslari tobora qisqarib borayotgani, inflyasiya va tashqi sanksiyalar iqtisodiy vaziyatni yanada og‘irlashtirayotgani qayd etildi.
“Erning qurib borishi va yog‘ingarchilikning kamayishi suv ta’minotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Agar yomg‘ir yoqmasa, Tehronda suv cheklovlari joriy etiladi, keyin esa shaharni evakuasiya qilish masalasi ko‘tarilishi mumkin”, — dedi Pezeshkiyan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tehronni suv bilan ta’minlaydigan beshta asosiy suv ombori — Lar, Mamlu, Emir Kabir, Taliqon va Latyan — hozirda deyarli bo‘shab qolgan. Meteorologik ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil yog‘ingarchilik me’yoridan 40 foizga kam bo‘lgan.
Eron suv boshqarmasi vakillari ma’lum qilishicha, agar yaqin ikki haftada yomg‘ir yoqmasa, poytaxtda suv ta’minotini ta’minlash imkoni qolmaydi.
Ekspertlar ta’kidlashicha, Erondagi bu holat nafaqat ekologik, balki ijtimoiy va iqtisodiy inqirozga ham aylanishi mumkin.
