Eron parlamenti yadroviy faoliyatni qonuniylashtirdi

Eron parlamenti yadroviy faoliyatni qonuniylashtirdi

Eron parlamenti yadroviy faoliyatni qayta tiklash bo‘yicha loyihaning umumiy qoidalarini ma’qulladi. "Sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha strategik chora" deb nomlangan hujjat Eron Mudofaa vazirligi Tadqiqot va innovasiyalar tashkiloti rahbari Muhsin Faxrizodaning o‘ldirilishidan so‘ng tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqildi. Parlament yig‘ilishida qonun loyihasini 290 deputatdan 251 nafari qo‘llab-quvvatladi. 

Rejada boyitish darajasi yiliga 20% bo‘lgan 120 kilogramm uranni ishlab chiqarish va to‘plash (uranning bundan yuqori boyitilgani qurol darajasi hisoblanadi), shuningdek oyiga kamida 500 kilogramm kam boyitilgan uran ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Hozir Eron uranni yadroviy kelishuv talab qilgan 3,67 foiz o‘rniga 4 foizdan yuqori darajada boyitmoqda.

Bundan tashqari, qonunda Arak shahridagi og‘ir suv reaktorini optimallashtirish va tibbiy maqsadlar uchun radioizotoplar ishlab chiqarish uchun quvvati 40 megavatt bo‘lgan boshqa ob’ektni qurish ko‘zda tutilgan.

Hukumat qonun loyihasiga muvofiq ma’qullanganidan keyin ikki oy ichida MAGATE bilan kafolatlar to‘g‘risidagi qo‘shimcha protokol doirasidan chetlashadigan yadro inshootlariga kirish huquqini to‘xtatishi kerak.

Ta’kidlash joizki, qonun loyihasini ratifikasiya qilish uchun qonunlarni tekshiradigan parlamentdan yuqori turuvchi maxsus organ - Konstitusiya Himoyachilari Kengashining roziligi talab qilinadi. Shundagina qonun kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, Eron Mudofaa vazirligi huzuridagi tadqiqotlar va innovasiyalarni tashkil etishga rahbarlik qilgan yadroshunos olim Muhsin Faxrizoda 27 noyabr kuni Tehron chekkasidagi suiqasdda vafot etdi. Eron rasmiylari Isroil davlatini ushbu qotillikka aloqadorlikda ayblamoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!