Epshteyn ishida yangi suratlar paydo bo‘ldi
AQSh Vakillar palatasining Nazorat qo‘mitasi tarkibidagi demokrat a’zolar Jeffri Epshteynning mulkidan olingan 19 ta fotosuratni e’lon qildi. Epshteyn jinsiy xarakterdagi jinoyatlar va pedofiliya uchun sudlangan, 2019 yil avgustida esa qamoqxonada joniga qasd qilgan.
E’lon qilingan suratlarda AQSh prezidenti Donald Tramp, sobiq prezident Bill Klinton, Microsoft asoschisi Bill Geyts, shahzoda Endryu Vindzor, aktyor-rejissyor Vudi Allen va boshqa mashhurlar ham bor.
Kongressmen Robert Garsiya Epshteynning fotoarxivi 95 mingdan ortiq suratdan iborat ekanini aytib, demokratlar ularning barchasini o‘rganish niyatida ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi materiallar «yaqin kunlar va haftalar davomida» bosqichma-bosqich e’lon qilinadi.
Bu fotosuratlar AQSh Adliya vazirligi 19 dekabrgacha oshkor qilishi lozim bo‘lgan «Epshteyn fayllari» tarkibiga kirmaydi.
BBC nashrining yozishicha, Bill Geyts va sobiq shahzoda Endryu tushirilgan surat, ehtimol, Getty Images fotoagentligi arxividan olingan va asl tasvirning kesilgan variantidir. To‘liq versiyada hozirgi qirol Charlz III ham bor.
Oq uy ham fotosuratlar e’lon qilingach, ularning «soxta narrativ yaratish uchun maxsus tanlab olingani»ni bildirdi.
Shunga qaramay, demokratlar fikricha, bunday shov-shuvli ishda har qanday detal muhim. «Amerika xalqi butun haqiqatni bilmaguncha biz to‘xtamaymiz. Adliya vazirligi barcha fayllarni darhol e’lon qilishi shart», dedi Robert Garsiya.
