Endi “ishonchsiz” banklar reytingi e’lon qilib boriladi
📍 3-noyabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida, Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti Kiberxavfsizlik markazi mas’ul xodimi, kapitan Maqsudjon Mirabdullayev bu haqda ma’lum qildi. Unga ko‘ra, endilikda kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda shaffoflik va banklar javobgarligini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
🔴 Asosiy yangilik:
Har yil yakunida O‘zbekistonda eng ko‘p kiberjinoyatlar sodir etilgan banklar va to‘lov tashkilotlari ro‘yxati e’lon qilinadi. Bu amaliyot orqali fuqarolarning mablag‘lari xavfsizligi va axborot tizimlari ishonchliligi bo‘yicha jamoatchilikka ochiq statistika taqdim etiladi.
🔴 Huquqiy asos:
Prezidentning 2025-yil 30-apreldagi 153-sonli qaroriga muvofiq, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilangan. Qaror bilan banklar va to‘lov tashkilotlariga kiberxavfsizlik choralarini kuchaytirish va hujumlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy javobgarlik yuklatilgan.
🔴 IIV vakili izohi:
«Avvallari qaysidir bankda yoki to‘lov tashkilotida pul o‘g‘irligi sodir bo‘lsa, bu ommaga chiqmasdi. Endilikda esa biz eng ko‘p kiberjinoyatlar kuzatilgan banklar ro‘yxatini ochiq e’lon qilamiz», — dedi Maqsudjon Mirabdullayev. Yil oxirida har bir moliya muassasasi kiberxavfsizlik samaradorligi bo‘yicha baholanadi, ya’ni qaysi bank himoyani kuchaytirdi, qaysisi esa zaiflikka yo‘l qo‘ydi — ochiq ko‘rsatiladi.
🔴 Amaliy maqsad:
Bu tizim banklar va to‘lov tashkilotlarini axborot xavfsizligi siyosatini kuchaytirish, zaifliklarni bartaraf etish va kiberhujumlarning oldini olish uchun faolroq ishlashga majbur qiladi. Agar kiberjinoyat bank yoki to‘lov tashkilotining aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa, u holda voqea tafsilotlari, o‘g‘irlangan summa va ishlatilgan kiberhujum usullari ham batafsil ochiqlanadi.
