DXM filiallari endi mahallalarda ham tashkil etiladi
Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” Prezident Farmoni (PF–5930-son, 31.01.2020 y.) qabul qilindi.
Farmonga muvofiq, Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazildi.
Shu munosabat bilan agentlikka mazkur tizimni yuritish va uni Yuridik shaxslarning markaziy ma’lumotlar bazasi bilan integrasiya qilish va idoralararo hamkorlikni bepul ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.
Farmon bilan 2020 yil 1 apreldan Toshkent shahrida faqat YAIDXP hamda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari ro‘yxati tasdiqlandi.
Farmonga ko‘ra, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda yuridik shaxs tashkil etmagan holda DXMlar filiallari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga keng qamrovli, shu jumladan mobil (sayyor) davlat xizmatlari ko‘rsatish filiallarning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.
Filiallar mahallalarning fuqarolar yig‘inlari binolarida bepul foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.
Shuningdek, agentlik tuzilmasida Davlat xizmatlarini raqamlashtirish boshqarmasi tashkil etildi.
Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan davlat xizmatlari aholi gavjum bo‘lgan va jamoat joylarida o‘rnatiladigan infokioskalar orqali o‘ziga o‘zi xizmat qilish tamoyili asosida ko‘rsatiladi.