Dunyodagi eng yirik suveren jamg‘arma qancha zarar ko‘rgani ma’lum bo‘ldi

Dunyodagi eng yirik suveren jamg‘arma hisoblangan Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi (GPFG) juda katta zarar ko‘rgani haqida xabar berdi.
Tashkilot hisobotida aytilishicha, uchinchi chorakda 2,2 foiz zarar ko‘rilgan va qariyb 34 milliard dollar ekvivalenti yo‘qotilgan.
«Ayniqsa, texnologiyalar, sanoat va iste’molchilar sektori rentabellikka salbiy ta’sir ko‘rsatdi», dedi bosh direktor o‘rinbosari Trond Grande.
Norvegiya kronasi kursining ko‘tarilishi ham jamg‘arma qiymatini pasaytirgan.
Norvegiya davlat pensiya jamg‘armasi (GPFG) Xitoyning ikkita fondini ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik jamg‘arma hisoblanadi. Ayni paytda fond dunyodagi barcha aksiyalarning qariyb 1,5 foiziga egalik qiladi. U 70 ta mamlakatdagi 9,2 mingdan ortiq kompaniya aksiyalariga ega. Qimmatli qog‘ozlar portfelining eng katta ulushini Apple, Microsoft, Alphabet (Google), Amazon va Nvidia aksiyalari egallaydi. Davlat qimmatli qog‘ozlari portfelida eng katta ulushni AQSh obligasiyalari, kamroq darajada esa Yaponiya va Germaniya obligasiyalari egallaydi.
GPFG o‘tgan yilning birinchi yarmida rekord darajadagi 174 milliard dollar yo‘qotgan edi.