Dunyodagi eng boy odami nomi o‘zgardi

Dunyodagi eng boy odami nomi o‘zgardi

Real vaqt rejimida yangilanib turuvchi Forbes reytingi ma’lumotlariga ko‘ra, Amazon asoschisi Jeff Bezos dunyoning eng boy odami maqomini yo‘qotdi.

Ayni paytda Bezosning boyligi 192,4 milliard dollarga baholanmoqda. Kun davomida uning boyligi 6,76 foizga yoki 13,9 milliard dollarga kamaydi. Reytingda birinchi o‘rinni Louis Vuitton Moët Hennessy (LVMH) egasi Bernard Arno egalladi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, uning boyligi 192,9 milliard dollarni tashkil qilmoqda.

Uchinchi o‘rinda SpaceX asoschisi va Tesla bosh direktori Ilon Mask turibdi. Uning boyligi bir kunda 2,2 milliardga o‘sib, 179,4 milliard dollarni tashkil etdi, deb xabar beradi Forbes.

Bezosning boyligi Amazon aksiyalari narxining tushib ketishi fonida kamaydi. Bir kun oldin, 30 iyulda aksiyalar bahosi 7,56 foizga tushib, har bir aksiya narxi 3,3 ming dollargacha pasaydi.

Bunday pasayish kompaniya 2021 yilning ikkinchi choragi uchun o‘z hisobotlarini e’lon qilgandan keyin yuz berdi — texnologiya giganti so‘nggi uch yilda birinchi marta daromadlar o‘sishi bo‘yicha tahlilchilarning umidini oqlamadi.

O‘tgan chorakda Amazon’dagi sof sotuv 27 foizga oshib, 113,08 milliard dollarni tashkil etdi. Refinitiv servisi so‘roviga ko‘ra, tahlilchilar 115,2 milliard dollargacha sezilarli o‘sishni kutgandi. Shu bilan birga, daromadlarning o‘sish sur’atlari ham avvalgilaridan ancha past edi: oldingi ikki chorakda daromadlar 44 foizga o‘sgan.

Kompaniyaning bosh moliyaviy direktori Brayan Olsavskining izoh berishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlanishi fonida onlayn-xaridlarning ommalashuvi pasaya boshlagani hamda odamlar endi an’anaviy do‘konlarda xarid qilishni afzal ko‘rayotgani Amazon sotuvlarining o‘sishini sekinlashtirgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!