Dollar yoki so‘m: valyuta kursi, jamg‘arish va investisiya

“Bozorda kurs qancha bo‘layapti?” “Dollar oshdi, shunga narxlar ham oshdi”. “Rossiya-Ukraina majorosi boshlangandan keyin dollar kursi nega tushib ketayapti?”
O‘zbekistonda aholining katta qismi uzoq yillardan beri ba’zi hisob-kitoblarni amalga oshirish, jamg‘arish va investisiya vositasi sifatida AQSh dollaridan foydalanib keladi. Yuqoridagi savollar esa dollarda jamg‘arma to‘plagan yoki uy-joy, avtomashina, maishiy texnika sotib olish niyatida dollar qidirib yurgan har bir kishini o‘ylantiradi. Lekin, aytaylik, nima uchun mazkur savollar yaponiyalik Yamamotoni qiynamaydi. Nima uchun u faqatgina AQShga safari oldidan dollar sotib olish uchun bankka murojaat qilishi mumkin xolos? Albatta, buning asosiy sababi yapon iyenasining AQSh dollariga nisbatan barqarorligini saqlab turishi.
Biron bir mamlakat milliy valyutasining jahon valyutasi bo‘lmish AQSh dollariga nisbatan barqarorligini saqlab turishi esa ushbu mamlakatning eksporti, importi bilan birga iqtisodiy jarayon ishtirokchilarining ko‘chmas mulk, avtomashina kabi uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan tovarlar uchun hisob-kitoblarini AQSh dollarida emas, balki milliy valyutada amalga oshirishiga, jamg‘armalarini milliy valyutada moliya sektorida saqlashiga bog‘liq.
Dollar kursi ko‘tariladi va tushadi. Bu esa valyuta bozorida AQSh dollariga bo‘lgan talab va taklifga bog‘liq. Joriy yilning 25-yanvarida ro‘y bergan “blekaut” paytida 2-3 ming so‘mlik shamlarning narxi 7-10 ming so‘mgacha ko‘tarilib, ertasi kuni yana 2-3 ming so‘mga qaytgani singari AQSh dollari taklifi cheklangan bir paytda unga talabning birdaniga oshishi dollar kursining ko‘tarilishiga olib keladi yoki aksincha, bozorda dollar ko‘p bo‘lib, yetarli darajada xaridorning yo‘qligi kursning tushib ketishiga sabab bo‘ladi. Bu - oddiy bozor qonuniyati.
O‘zbekiston ham bozor iqtisodiyotiga o‘tib borar ekan, ichki valyuta bozorida dollar kursi tebranib turadi. Bundan tashqari, mamlakatimizning eksporti va importi tarkibi, yo‘nalishlari hamda ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun valyutalar (rubl, yuan, iyena, yevro) rang-barangligining ortib borishi dollar kursini barqarorlashtirishga xizmat qiladi. Bunday vaziyatda AQSh dollaridan katta hisob-kitoblarni amalga oshirish, jamg‘arish va investisiya vositasida foydalanish aholi uchun befoyda bo‘lib qoladi. Natijada, aholi AQSh dollaridagi jamg‘armalarini so‘mga almashtirib, daromad keltiruvchi moliyaviy instrumentlarga yo‘naltira boshlaydi. Yillar davomida aholining qo‘lida jamg‘arilgan katta hajmdagi AQSh dollarining valyuta bozoriga kirib kelishi dollar kursi barqarorligini ta’minlanishga xizmat qiladi.
Tahlil natijalar ishuni ko‘rsatmoqdaki, dollar kursining o‘zgarishi odamlarga tez ta’sir qiladi. Joriy yil mart oyining o‘rtalaridan rublning AQSh dollariga nisbatan kursi mustahkamlana boshlashi ortidan O‘zbekistonda ham dollar kursining tusha boshlashi aholi tomonidan tijorat banklariga sotilgan AQSh dollari miqdorining sezilarli darajada oshishiga sabab bo‘ldi.
1-rasm. So‘m va rublning AQSh dollariga nisbatan almshinuv kursi
Manbaa: Markaziy banklar ma’lumoti
Tijorat banklari tomonidan aholidan sotib olingan AQSH dollari miqdori mart oyida 996 million dollar (2021 yilning mart oyida 580 million dollar), aprel oyida 1,12 milliard dollar (2021 yilning aprel oyida 607 milliard dollar), may oyida 1,03 milliard dollar (2021 yilning may oyida 579 million dollar) va iyun oyida 1,32 milliard dollarni (2021 yilning iyun o yida 600 million dollar) tashkil etdi.
Aholining AQSh dollaridagi jamg‘armalarini so‘mga aylantira boshlashi natijasida (boshqa omillar bilan birgalikda) muomaladagi naqd pul miqdori 1 aprel holatiga ko‘ra 27,9 trillion so‘mga (o‘tgan oyga nisbatan o‘sish 7,3%), 1 may holatiga ko‘ra 33,1 trillion so‘mga (18,9%), 1 iyun holatiga ko‘ra 36,9 trillion so‘mga (11,3%) va 1 iyul holatiga ko‘ra 40,5 trillion so‘mga (9,9%) yetdi. Ushbu raqamlar so‘nggi oylarda so‘m qadrining mustahkamlanishi aholi tomonidan iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining kamayishiga turtki bo‘layotganidan dalolat beradi.
2-rasm. Tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslardan sotib olingan va ularga sotilgan AQSh dollari hajmi
Manba:O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlari
3-rasm. Muomaladagi naqd pul va milliy valyutadagi talab qilib olinguncha depozitlar
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki ma’lumotlari
Ichki valyuta bozorida dollar kursining barqarorlashuvi import tovarlari narxlarini muvozanatlashtirib, inflyasiyaga ta’sirini kamaytiradi, shuningdek, barqaror valyuta kursi aholi va tadbirkorlik vakillarining dollar kursi oshishi bo‘yicha kutilmalarini pasaytirib, iqtisodiy qarorlarni qabul qilishini osonlashtiradi.
Ushbu tahlil natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, milliy valyuta barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini kamaytirish hamda aholi orasida uzoq yillar davomida shakllangan “AQSh dollari – jamg‘arish va investisiya vositasi” degan qarashni o‘zgartirish maqsadida quyidagi choqa-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
- Ko‘chmas mulk, mashinalar oldi-sotdisi kabi katta hajmdagi hisob-kitoblarni naqd pulda amalga oshirishni osonlashtirish uchun 500 000 so‘mlik, 1 000 000 so‘mlik kupyuralarni muomalaga chiqarish;
- O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank tomonidan raqamli valyutalarni muomalaga chiqarish;
Masalan, 2020 yil oxirida Kambodja Milliy banki mamlakatdagi dollarlashuv darajasini kamaytirish maqsadida o‘zining birinchi raqamli valyutasi - bakongni muomalaga chiqardi. Bakong an’anaviy banklar va boshqa moliya institutlari o‘rtasida smartfon va kompyuterlarda to‘lovlarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.
- Aholining jamg‘armalarini moliya sektoriga jalb qilish uchun milliy valyutadagi moliyaviy instrumentlarni diversifikasiya qilish, moliya va kapital bozorlarini rivojlantirishni jadallashtirish, xususan, xususiylashtirilishi rejalashtirilgan davlat korxonalari aksiyalarini muomalaga chiqarish va bunda aksiyalarning aholi tomonidan sotib olinishini rag‘batlantirish;
- Eksport va import yo‘nalishlari hamda valyutalarini diversifikasiya qilish orqali ichki valyuta bozorida AQSh dollariga bo‘lgan talabni kamaytirish.
Xalilullo Hamidov,
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti guruh rahbari