Diniy qo‘mita Umra lisenziyasi uchun talabgorlardan arizalar qabul qilishni boshladi

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita joriy yil 7 mart kuni Umra lisenziyasini olish uchun tadbirkorlik sub’ektlaridan yangi arizalar qabuli boshlanganini ma’lum qildi. Sohadagi lisenziyalovchi vakolatli organ etib belgilangan qo‘mita ushbu yangilik haqida faqat rasmiy saytida yozgan. Aholi eng ko‘p foydalanadigan ijtimoiy tarmoqlarda qo‘mitaning rasmiy sahifalarida bu haqda ma’lumot berilmagan.
Ma’lum qilinishicha, «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun yakka tartibdagi lisenziya yuridik shaxslarga taqdim etiladi. Lisenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlar:
Quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatilgan ariza:
- yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan yeri (pochta manzili), faoliyatni amalga oshirish joyining manzili, STIR, bank muassasasining nomi va bank hisobvarag‘i, lisenziya talabgorining lisenziya talablari va shartlariga rioya qilishga roziligi;
- tadbirkorlik sub’ekti rahbari va xodimlarining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, manzili, pasport (identifikasiyalovchi ID-karta) ma’lumotlari.
- Lisenziya talabgori tomonidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning «Ziyorat» jamg‘armasiga 1 million AQSh dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larning to‘langanini tasdiqlovchi hujjat;
- «Umra» tadbirlari davomida ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- «Umra» xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra vazirligining «Umra» lisenziyasiga ega bo‘lgan hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnoma nusxasi;
- Ziyoratchilarni tashish va parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha aviakompaniya(lar) bilan tuzilgan hamkorlik shartnomasi nusxasi;
- Tadbirkorlik sub’ektining ziyoratchilarga sifatli xizmat ko‘rsatishi uchun zamonaviy jihozlangan binoda faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
- Tadbirkorlik sub’ektining fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.
Shuningdek, arizani ko‘rib chiqish uchun to‘lanadigan yig‘im miqdori – BHMning 3 baravari (1 million 125 ming so‘m), lisenziya berilgani uchun davlat boji miqdori — BHMning 10 baravari (3 million 750 ming so‘m) to‘lov.
Ma’lum qilinishicha, arizalar qo‘mita tomonidan 2025 yil 7 martdan 7 aprelga qadar (shu kuni ham 18:00 ga qadar) qabul qilinadi.
Batafsil ma’lumot uchun telefon: +99871 207-17-58 (ichki raqam 124). Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning manzili – Toshkent shahri Navoiy ko‘chasi 12-uyda joylashgan.
Vakolatli organning rekvizit va hisobraqamlari, shuningdek, ariza namunasi bilan qo‘mitaning rasmiy saytida tanishish mumkin.