Dehlidan 39 million so‘mlik telefonni noqonuniy olib kelgan shaxs to‘xtatildi
Bojxonachilar tomonidan uyali telefonlarni O‘zbekistonga noqonuniy olib kirish holatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatiga tayanib gazeta.uz xabar berdi.
Toshkent-Aero ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan, aeroport avtoturargohida Dehli-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelgan yo‘lovchilardan telefonlarni yig‘ib olayotgan fuqaro T.A. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu shaxs bojxona to‘lovlaridan qochish maqsadida Dehli aeroportida umumiy qiymati 39 million so‘mlik 26 dona Redmi 6 Pro uyali aloqa vositalarini Toshkent aeroportida yig‘ib olish iltimosi bilan tarqatib, mamlakatimizga noqonuniy ravishda olib kirmoqchi bo‘lganligi aniqlandi. Ammo uning bu rejasi amalga oshmadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.