Davlat xususiy sherikchilik bo‘yicha 2024 yil I choragida erishilgan natijalar ochiqlandi

Davlat xususiy sherikchilik bo‘yicha 2024 yil I choragida erishilgan natijalar ochiqlandi

Davlat-xususiy sheriklik sohasida respublika bo‘yicha 2024 yil I chorakda bir qancha ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning I choragi davomida vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 311,65 mln dollardan ortiq bo‘lgan 25 ta DXSh loyihasi bo‘yicha bitimlar imzolandi.

Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki maslahati ko‘magida qiymati 262,65 mln dollar bo‘lgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida elektr energiyasini saqlash tizishiga ega 200 MVt shamol elektr stansiyasini qurish va boshqarish loyihasi bo‘yicha Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi tender g‘olibi deb topildi hamda DXSh to‘g‘risidagi bitim joriy yilning 28 mart kuni imzolandi.

Shuningdek, suv xo‘jaligi sohasida umumiy qiymati 26,38 mln dollar bo‘lgan 10 ta, ta’lim sohasida umumiy qiymati 20,46 mln dollar bo‘lgan 9 ta hamda madaniyat sohasida umumiy qiymati 2,14 mln dollar bo‘lgan 5 ta loyiha yuzasidan bitimlar rasmiylashtirildi.

Shu bilan birga, 2024 yil 1-choragida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 apreldagi «Ijtimoiy soha ob’ektlarining isitish tizimlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizasiya qilish to‘g‘risida»gi PQ–118-sonli qarori bo‘yicha imzolangan 198 ta DXSh to‘g‘risidagi bitimlarda belgilangan majburiyatlar bajarilishi yuzasidan monitoring tadbirlari amalga oshirildi.

Bundan tashqari, joriy yilning 2 mart kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida «O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ishlab chiqish jamg‘armasi»ni tashkil etish bo‘yicha 10 mln yevrolik shartnoma hamda Hamkorlik bitimi imzolandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!