Davlat iqtisodiy resurslarning adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi – Konstitusiyaning 53-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish haqida

Davlat iqtisodiy resurslarning adolatli taqsimlanishini ta’minlaydi – Konstitusiyaning 53-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish haqida

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 53-moddasiga qanday o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi kutilayotgani haqida ma’lumot beramiz.

Bozor munosabatlarini rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, halol erkin raqobatni, barcha mulk shakllari huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza qilinishini kafolatlaydi.

Xususiy mulk daxlsiz va davlat tomonidan himoya qilinadi.

Davlat iqtisodiyot tarmoqlarining va hududlarning uyg‘un holda rivojlantirilishi uchun shart- sharoitlar yaratadi, shuningdek iqtisodiy resurslarning adolatli ravishda taqsimlanishini ta’minlaydi. (53-modda)

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevning joriy yil 20 iyun kuni Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvidagi ma’ruzasida “Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlashimiz zarurligi” hamda “erkin va halol raqobatning himoya qilinishi kafolatlanishi”ga alohida e’tibor qaratildi.

2. Konstitusiyamizning milliy iqtisodiy tizimning asoslarini belgilovchi mazkur moddasining amaldagi tahririda davlatning iqtisodiy tizimdagi ishtirokiga doir asossoluvchi qoida nazarda tutilmagan. Erkin bozor iqtisodiyoti sharoitida davlatning iqtisodiy jarayonlarni boshqarishga doir konstitusiyaviy vazifa va funksiyalarini aniq belgilash muhim ahamiyat kasb etadi.

3. Mazkur yo‘nalishdagi konstitusiyaviy-huquqiy tartibga solish uzoq muddatga mo‘ljallangan asosiy, fundamental va eng muhim prinsip va normalarga asoslanishi lozim. Davlatning iqtisodiyotga aralashuvining oqilona darajasi, davlatning faoliyati bozor mexanizmining amal qilishiga halaqit bermasligi, zarur bo‘lganda bu mexanizmni to‘ldirib turishi bilan belgilanadi.

Mamlakat iqtisodiyotida davlat ishtirokini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar va bozor mexanizmlariga o‘tish amalga oshirilayotganligini ham qayd etish o‘rinli. So‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyati sohasida 86 ta ayrim lisenziyalanadigan faoliyat turlari va ruxsat berish tartib-tamoyillari, shu jumladan 38 ta turini 16 taga birlashtirish, 25 ta turi bo‘yicha rasmiylashtirish muddatlarini qisqartirish hamda 14 ta lisenziya va ruxsat beruvchi hujjatlarni berishni markazlashtirish orqali bekor qilindi va soliq yuki kamaytirildi.

Shu bilan birga, asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etilmoqda. Masalan, davlat buyurtmasi asosida boshoqli don yetishtirish amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilindi, 2021 yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechildi va davlat xaridi to‘liq bekor qilindi.

Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur o‘zgarishlar davlatning iqtisodiy jarayonlardagi ishtirokini oqilona chegaralar doirasida kamaytirishni, iqtisodiyot tarmoqlarini hududiy va sohaviy kesimda boshqarishda aniq, shaffof va natijaga yo‘naltirilgan mexanizmlardan foydalanishni hamda fiskal dastaklar orqali ijtimoiy muammolarni hal qilish maqsadida moliyaviy resurlarni qayta taqsimlashni nazarda tutadi.

Ta’kidlash lozimki, aynan shunday yondashuv asosida iqtisodiyot tarmoqlarining rivojlantirish yo‘nalishlari belgilanmoqda. 2017–2021 yillarda Harakatlar strategiyasi doirasida sanoatning yetakchi tarmoqlari (to‘qimachilik, elektrotexnika, avtomobil sanoati, qurilish materiallari sanoati, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, energetika kabi tarmoqlar)ni rivojlantirish strategiyalari qabul qilindi. Shuningdek, COVID-19 pandemiya boshlanishi bilan aholi xavfsizligi va salomatligini ta’minlash maqsadida qariyb 8 trln. so‘m mablag‘ni tibbiy-ijtimoiy ta’minot tizimiga yo‘naltirildi.

Umuman olganda, davlat iqtisodiyotni tartibga solishda jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan holda umumiqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashi zarur.

4. Asosiy qonunimizga kiritilayotgan mazkur tizimli o‘zgarishlar iqtisodiyotni erkinlashtirish va bozor mexanizmlarini keng joriy qilish tamoyillariga asoslangan islohotlarning yangi bosqichida davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish, iqtisodiy jarayonlarga ma’muriy tartibga solish dastaklaridan foydalanishni minimallashtirish, xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish orqali milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlanishini ta’minlashga, shuningdek mamlakatimizni iqtisodiy erkinlik indeksdagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

5. Ta’kidlash lozimki, Xorvatiya, Malta, Portugaliya, Ruminiya kabi mamlakatlar konstitusiyalarida mazkur normalargsha o‘xshash normalar mustahkamlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!