Daniya Grenlandiyaga harbiy bo‘linmalarni yo‘naltirmoqda
Daniya Grenlandiyaga harbiy xizmatchilarni ko‘chirishni boshladi, ortidan NATO ittifoqchilari tomonidan qo‘shimcha kuchlar yuborilishi kutilmoqda.
Bu haqda Euractiv portali mahalliy OAVlarga tayanib xabar berdi.
"Daniya Qurolli kuchlarining oldingi bo‘linmasi (fortrop) allaqachon Grenlandiyaga yetib keldi. U ehtimoliy holda yirikroq bo‘linmalarni joylashtirish uchun zamin tayyorlaydi», — deya ma’lum qiladi portal DR teleradiokompaniyasiga tayanib.
Grenlandiya va Daniya hokimiyatlari orolda harbiy ishtirokni kengaytirish, shuningdek, 2026 yil davomida ittifoqchilar bilan qo‘shma mashqlarni davom ettirishini e’lon qildi.
"Grenlandiya aholisi yanada ko‘proq harbiy samolyotlar, qo‘shinlar va kemalarni, jumladan NATO ittifoqchilariga tegishlilarini ham ko‘rishga tayyor bo‘lishi kerak", — deyiladi Grenlandiya hukumati saytida e’lon qilingan bayonotda, deb iqtibos keltiradi portal.
Shuningdek, Shvesiya ham bugun orolga harbiy personalning bir qismini yuborishini tasdiqladi. "Aynan Daniyaning iltimosiga binoan Shvesiya Qurolli kuchlaridan personal yuborilmoqda", — deb yozdi Shvesiya bosh vaziri Ulf Kristersson ijtimoiy tarmoqlarda va ular "bir nechta ittifoqchi davlatlardan tashkil topgan kuchlar guruhining bir qismi" ekanini qo‘shimcha qildi.
Kopengagenning bu qadamlari Grenlandiya masalasida AQShda grenlandiyalik, daniyalik va amerikalik yetakchilar o‘rtasida bo‘lib o‘tadigan hal qiluvchi uchrashuv oldidan Vashington bilan keskinlik kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda.
Avvalroq, yanvar oyida AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington Grenlandiya ustidan nazoratni baribir qo‘lga kiritishini aytgan edi. "Agar buni yaxshi yo‘l bilan amalga oshirish mumkin bo‘lsa — juda yaxshi. Agar yo‘q bo‘lsa, unda biz bundan ham qat’iyroq usulni qo‘llaymiz", — degan u Oq uyda jurnalistlar savollariga javob berar ekan.
