COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

Koronavirus infeksiyasi hali ortga chekingani yo‘q. Ayniqsa, so‘nggi kunlarda yurtimizda ushbu kasallikka chalingan bemorlar soni biroz ortgani kuzatilmoqda. Qolaversa, xastalik yosh bolalarni ham chetlab o‘tmayapti.

Xo‘sh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yo‘l tutmog‘i lozim? COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining ushbu savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon ABDUQAYUMOV javob berdi.

— Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq vaziyatga e’tibor bersak, virus bolalar va homilador ayollar orasida ham ko‘p kuzatilayotganini ko‘rish mumkin, — deydi shifokor. — Albatta bunga qaysidir ma’noda kasallikning tez-tez mutasiyalarga uchrayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

Biroq shunisi quvonarliki, ayni paytda yurtimizda bu xastalik aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda yengil kechyapti. U asosan tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, burun oqishi, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, ich ketishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘lmoqda.

Shu bois, agar xastalik kichik yoshdagi bolalarda yengil shaklda o‘tayotgan bo‘lsa, shifokor ularni uy sharoitida davolashga ruxsat berishi mumkin.

Agar bolaning fibril tutqanog‘i bo‘lmasa, kasallik payti tana harorati 38-38,5 C° darajadan past bo‘lganda isitmani tushirishga hojat yo‘q. Shundan ortsagina “Parasetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

Shuni unutmaslik kerakki, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko‘tarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyasiya markaziga salbiy ta’sir etadi.

Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi. Qolaversa, ba’zi shifokorlar hech qanday zarurat bo‘lmasa-da koronavirusga chalingan kichik yoshli bemorlarga gormon muolajalarini buyuradi. Bu ham davolashning noto‘g‘ri taktikasi hisoblanadi.

Uy sharoitida COVID-19ga chalingan bolalarga:

✅ 3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;
✅3-4 kun davomida har soatda tomoq va burun oddiy iliq suv bilan chayib turiladi;
✅ darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;
✅ o‘z vaqtida va me’yorida uxlashi choralari ko‘riladi;
✅turli vitaminlar iste’mol qilinadi.

Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshli bemorlarda koronavirus faqatgina yengil shaklda kechgandagina uyda davolanadi. Kasallik o‘rta va og‘ir darajada o‘tayotgan bo‘lsa, zudlik bilan shifoxonaga yotqizish zarur.

Xususan, bolalarda kasallik davomida :
📌 nafas yetishmovchiligi;
📌 hansirash;
📌 lablarning chetlari ko‘karishi;
📌 holsizlik;
📌 chuqur yo‘tal belgilari paydo bo‘lsa, darhol yashash manzili bo‘yicha oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qilish va davolashni stasionar sharoitda davom ettirish kerak.

Shuningdek, isitma 5 kundan ortiq davom etib, pasaymasa va pnevmoniya aniqlansa, (qanday og‘irlik darajasi bo‘lishidan qat’i nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!